Joriy yili umumta'lim maktablari birinchi sinfga 631 ming o’quvchi qabul qiladi
2015-08-12
2015-2016 o’quv yilida mamlakatimizdagi umumta'lim maktablarining 1-sinfiga 631 ming o’quvchi boradi, deb xabar beradi O’zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi. Ularga 12 nomdagi o’quv anjomlaridan iborat «Prezident sovg’asi» tayyorlanib, joylarga yetkazildi. Ushbu sovg’alar o’quv yilining birinchi kunida bolalarga topshiriladi.
Yangi o’quv yilida o’quvchilarni darslik va o’quv-metodik qo’llanmalar bilan ta'minlash maqsadida 454 nomdagi darslik va o’quv qo’llanma chop etilib, joylarga yetkazildi. 1-sinfga qabul qilinadigan o’quvchilar uchun chet tili darsliklari, mashq daftarlari, o’qituvchilar uchun metodik qo’llanma va multimedia ilovalari chop etildi.
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan maktablar qoshidagi axborot-resurs markazlarining kitob zaxirasini boyitishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilda boshlang’ich sinf o’quvchilari uchun lotin alifbosida 27 nomdagi salkam 850 ming tirajdagi badiiy adabiyotlar, bolalar uchun kitoblar yetkazildi.
2015 yilgi investitsiya dasturiga muvofiq yangi o’quv yiliga tayyorgarlik doirasida mamlakatimiz bo’yicha 384 maktabda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Bolalar sportini rivojlantirish jamg’armasi tomonidan 221 sport inshooti hamda 5 bolalar musiqa va san'at maktabida qurilish, rekonstruksiya ishlari bajarildi.
Joriy yilda jami 4517 ta'lim maskanini mebel, o’quv-laboratoriya asbob-uskunasi, kompyuter texnikasi, sport anjomlari, musiqa cholg’ulari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
275 maktabgacha ta'lim maskani kapital ta'mirlanmoqda. Bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni ko’paytirish va ularni maktabga sifatli tayyorlash maqsadida 1775 qisqa muddatli guruhlar, 3188 maktab qoshida savodxonlik guruhi faoliyat ko’rsatmoqda.