Tadbirkorlikka oid qonun hujjatlari ijrosi o’rganildi

2015-07-03

Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari va xususiy mulkdorlarning erkin faoliyat olib borishi uchun keng imkoniyatlar, sharoitlar yaratilgan. Bu yo’ldagi huquqiy asoslar ham izchil takomillashtirilayapti. Pirovardida sohaning yurt ravnaqi, aholi farovonligini yuksaltirishdagi hissasi oshib bormoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 56 foizga yetgani bunga bir misoldir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo’mitasi yig’ilishida ana shular alohida ta’kidlandi. Unda xususiy mulkdorlar faoliyati va tadbirkorlarning erkin rivojlanishini ta’minlash, ularning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlari talablarining Andijon va Surxondaryo viloyatlari davlat organlari tomonidan bajarilishini nazorat-tahlil tarzida o’rganish natijalari muhokama etildi.

Tadbirda mahalliy hokimliklar mutasaddilari, tegishli tashkilotlar, idoralar, tadbirkorlik subyektlari vakillari, ekspertlar, mutaxassislar, jurnalistlar qatnashdi.
Majlis mahalliy davlat organlari faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlar, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning xususiy mulk va tadbirkorlik masalalariga doir qoidalariga rioya etilishini batafsil o’rganish asosida amaliy takliflar ishlab chiqish maqsadida o’tkazildi.

Ma’lumki, mamlakatimiz iqtisodiyotida xususiy mulk va tadbirkorlikni izchil taraqqiy toptirish, sohani yanada erkinlashtirish, bu boradagi muammo hamda kamchiliklarni hal qilish ustuvor yo’nalishlardandir. Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 15 mayida qabul qilingan “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo’lidagi to’siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni bu borada yana bir muhim qadam bo’ldi.

Nazorat-tahlil faoliyatiga tayyorgarlik jarayonida Ishchi guruhi tarkibiga deputatlar, malakali mutaxassislar va ekspertlar guruhi jalb etildi. Jabhaga doir barcha me’yoriy-huquqiy asoslar ko’rib chiqildi. Tegishli ma’lumotlar tahlil qilinib, Andijon va Surxondaryo viloyatlari davlat organlarining ushbu masala yuzasidan faoliyatlari batafsil o’rganildi.
Bunda “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to’g’risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida”gi qonunlarning normalari ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

O’rganishlar shuni ko’rsatdiki, hududlarda bu borada qator ijobiy ishlar olib borilgan. Xususan, 2011 — 2015 yillar davrida O’zbekiston iqtisodiyotida islohotlar masshtabini kengaytirish va chuqurlashtirish, mamlakatda tadbirkorlik muhitini shakllantirish bo’yicha mezonlar va baholar tizimini aniqlash va amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi bajarilishi doimiy diqqat-e’tiborda bo’lib kelayapti. Unga binoan, mutasaddi tashkilotlar tomonidan “Tadbirkorlar kuni” tashkil etilayotir. Ishbilarmonlardan tushayotgan murojaatlar davlat organlari rahbarlari tomonidan ko’rib chiqilmoqda.

Shuningdek, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashish holatlari bo’yicha doimiy so’rovnomalar o’tkazib kelinayapti.
Tadbirda mazkur masala yuzasidan Andijon va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari rahbarlari axborot berdi. Muhokamalarda deputatlar, mutaxassislar va ekspertlar mamlakatimizda xususiy mulk hamda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo’yicha fikr-mulohazalarini bildirdilar.

— Har ikkala viloyatda ham tegishli qonun hujjatlari talablari yuzasidan muayyan ishlar qilingan, — dedi qo’mita a’zosi K. Djumamuratova. — Bunda ijtimoiy sheriklik, ya’ni davlat organlari, biznes va xususiy sektor o’rtasida hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o’zaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotgani ma’lum bo’ldi. Shular qatorida xususiy mulk va tadbirkorlik sub’ektlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlari talablarini so’zsiz bajarishga e’tiborni yanada kuchaytirish maqsadga muvofiq. Tadbirda uchrayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar o’rtaga tashlandi.

Yig’ilishda xususiy mulkni himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularning moddiy va kredit resurslaridan foydalanishini kengaytirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit hamda imkoniyatlar yaratish, biznes muhitini yaxshilash sohasidagi qonunchilik bazasini yanada maromiga yetkazish zarurligi alohida qayd etildi. Yakunda qo’mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: «Xalq so’zi»