2015-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi

2015-08-04

Joriy yilning 3-avgust kuni "Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashida Harakatning 2015-yil birinchi yarim yillik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda "Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi, Harakat Vasiylik Kengashining 2015-yil 31-martdagi 40-sonli majlis bayoni bilan tasdiqlangan "O‘zbekiston Respublikasida 2015-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi” ijrosi muhokama etildi.

"Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati respublikamizdagi eng yirik jamoat birlashmalaridan biri sifatida mamlakat yoshlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni demokratik tamoyillar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida, ma’nan etuk va jismonan sog‘lom fuqarolar bo‘lib voyaga etishlarida ko‘maklashish kabi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan.

Hozirda Harakatning 14 877 ta boshlang‘ich tashkilotlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular 4 mln.dan ziyod 15-30 yoshdagi a’zolarni birlashtirgan. Harakat qoshidagi "Kamalak” bolalar tashkiloti hozirda 2,1 mln.dan ziyod 10-14 yoshdagi a’zolarga egadir.

Harakat tomonidan 2015-yilning birinchi yarmi davomida jami 20,7 mingdan ziyod tadbir tashkil etilib, 7,1 mln.dan ziyod yoshlar qamrab olindi. Shundan, 6,2 mingtasi yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, 5,2 mingtasi ma’naviy-ma’rifiy, 2,9 mingtasi yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, 1,4 tasi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, 4,8 mingtasi sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish yo‘nalishida o‘tkazildi.

Ta’kidlash lozim, Harakat tomonidan tashkil etilgan loyihalarning samarali bo‘lishida "O‘zbekiston Respublikasida 2015-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi” o‘rni va ahamiyati katta bo‘ldi.

Jumladan, mamlakatimiz yoshlarini ijtimoiy-siyosiy faolligi va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida, Harakat tomonidan "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan yosh saylovchilar, ayniqsa, birinchi marta saylovda qatnashadigan yoshlarning siyosiy jarayonlarga daxldorligini oshirish maqsadida "Men saylovga tayyorman” shiori ostida 100 ga yaqin targ‘ibot loyihasi amalga oshirilib, 16 mingdan ziyod yoshlar qamrab olindi.

Yoshlarni davlat hokimiyati organlari tizimi va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 300 ga yaqin uchrashuvlar tashkil etilib, ularda 12 400 nafardan ortiq yoshlar jalb etildi (o‘tgan yilning ushbu davrida 250 ta).

Birinchi marotaba umumiy o‘rta ta’lim maktablari hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida "Yosh qutqaruvchi” musobaqasi yuqori saviyada tashkil etildi. Musobaqada 2 ming 413 ta umumta’lim maktablarining 55 ming 607 nafar o‘quvchilari hamda 1 106 ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining 10 ming 406 nafar o‘quvchi-yoshlari ishtirok etdi.

Harakat qabul qilingan qonunlarning mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish, qonunchilik ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida "Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunidan kelib chiqib, joylarda tashkil etiilgan "Vijdonli sotuvchi” aksiyasi doirasida 150 ga yaqin savdo shaxobchalariga reydlar uyushtirilib, 30 ga yaqin aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan tegishli tashkilotlarga ma’lumotlar kiritildi.

Mustaqilligimizning 24 yilligi munosabati bilan joriy yilning aprel-iyun oylari davomida respublikaning barcha hududlarida "Biz— buyuk yurt farzandlarimiz” shiori ostidagi yoshlar festivali tashkil etildi.

Festival doirasida 550 nafarga yaqin respublika targ‘ibot guruhi a’zolari ishtirokida har bir hududda 14 tadan loyiha tashkil etildi. Festival davomida respublikaning barcha tuman va shaharlarida 840 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari tashkil etilib, ularda 700 mingga yaqin yoshlar ishtiroki ta’minlandi.

"Nuroniylar e’zozimizda” va "Farzandlik burchim” loyihalari doirasida 42 mingga yaqin yoshlar patronaj guruhlari a’zolari tomonidan 9 mingga yaqin urush va mehnat fronti faxriylari, yolg‘iz qariyalar hamda keksalar holidan xabar olinib, ularning uy yumushlariga ko‘maklashildi.

Joriy yilning aprel-may oylarida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarini kasbga yo‘naltirish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga maqsadida "Mening biznes g‘oyam” tanlovi tashkil etildi. Mazkur tanlovda 156 354 nafar yoki respublika bo‘yicha jami bitiruvchilarning 30,1 foiz bitiruvchilari (o‘tgan yili 135 378 nafar) ishtirok etdi. Tanlov doirasida 386 nafar ishtirokchilarga 3 mlrd. 980 mln. so‘m miqdordagi kredit olish uchun tavsiyalar berildi.

Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan mehnat yarmarkalari doirasida 18 ming 457 nafar yoshlarga ishga joylashishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

O‘quvchi-talabalarning yozgi ta’til davomidagi bo‘sh vaqtlarini foydali mehnatga jalb etish, mahallalardagi vaqtincha ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan "Bunyodkor-2015” yoshlar mehnat harakati loyihasi doirasida yaratilgan 721 ta mehnat ob’ektlarining 33 ming 172 ta bo‘sh ish o‘rinlarida fuqarolar yig‘inlarida tuzilgan 1 ming 287 ta mehnat guruhlaridagi 17 ming 375 nafar vaqtincha ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlashda sharoit yaratildi.

Respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar ishtirokida "Talabalar festivali” tashkil etildi. Festival doirasida "O‘zbekistonda barkamol avlodni tarbiyalash masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman, "UZ domenini rivojlantirishda yoshlarning o‘rni” mavzusida davr suhbatlari, "Munozara” debat klublarning ijtmioiy mavzudagi bahslari tashkil etilib, sohalarda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlandi.
2014-2015-o‘quv yilida 11 ming 151 nafar talabalarga bir yillik shartnoma to‘lovining 35 foizi to‘lab berildi.

Mamlakatimizda iqtidor va iste’dod sohiblari bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Yurt kelajagi” iqtidorli yoshlar respublika tanlovining joriy yildagi hududiy bosqichlarida 65 ming 853 nafar (2014-yilda 60 ming 230 nafar) 15 yoshdan – 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etish uchun ariza bilan murojaat qilgan.

Joriy yilning yanvar-aprel oylari davomida respublika bo‘yicha 5 ta yosh toifasi bo‘yicha jami 438 mingdan ziyod yoshlar ishtirokida (shundan qizlar 212 ming 638 nafar, o‘g‘il bolalar 226 ming 017 nafar) "Kamolot shaxmat taxtasi” respublika ochiq turniri o‘tkazildi.

"Yoshlar orasida narkotik moddalarning tarqalishiga qarshi kurash” oyligi e’lon qilinib, 25 mingdan ziyod yoshlar ishtirokida uchrashuvlar, davra suhbatlari, seminarlar va mini-sessiyalar tashkillashtirildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida har bir hududda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchilarining malakasi oshirildi.

Harakat qoshidagi Respublika "Kamalak” bolalar tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan ishlarni sarhisobi, kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilashga qaratilgan "Kamalak” bolalar tashkiloti sardorlarining XIV respublika anjumani ishtirokchilariga an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan loyihalarning namunaviy tarzda namoyishi, "Uch avlod uchrashuvi”, "Anjuman patronaji”, "Sardor — 2015” saylovi kabi loyihalar o‘tkazildi.

"Yozni "Kamalak” bilan” loyihasi doirasida 795 ta kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida 135 ming 445 nafar bolalar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Mahallalardagi yolg‘iz qolgan qariyalar, urush va mehnat faxriylari uchun "Yoshlar tabrigi” loyihasi barcha hududlarda amalga oshirildi. Loyiha doirasida 1 ming 150 nafar mahallalardagi yolg‘iz qolgan qariyalar, mehnat va urush faxriylari holidan xabar olindi.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining 4 oylik boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslarida Harakat tizimlarida faoliyat yurituvchi 58 nafar tinglovchi tahsil oldi, shundan, 11 nafari egallab turgan lavozimidan yuqori lavozimlarga ko‘tarildi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama etildi. Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.