Ekoharakat deputatlar guruhi a’zolari Davlat budjeti ijrosini ko‘rib chiqdilar

2018-05-31

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 167 va 169-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar fraksiyalari, deputatlar guruhlari va qo‘mitalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli hisobot davri uchun taqdim etilgan Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni muhokama qilish asosida ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan.

Shunga asosan joriy yilning 30 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlar guruhining kengaytirilgan yig‘ilishida Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2017 yil hamda 2018 yilning I chorak hisobotlari muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2017 yildagi ijrosida atrof muhitni muhofaza qilishga sarflangan jami xarajatlar miqdori 966,6 mlrd. so‘mni tashkil etib, bu ko‘rsatkich o‘tgan 2016 yilga nisbatan 118 foizga o‘sishiga erishildi. Xususan, hisobot davrida Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan ekologik tadbirlar uchun 2016 yilda 4,9 mlrd. so‘m miqdorida harajatlar amalga oshirilgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatgich 10 barobarga ko‘payib, 50,1 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, atmosfera havosini muhofaza qilish tadbirlariga amalga oshirilgan xarajatlar o‘tgan 2016 yilga nisbatan 153 foizga, suv va yer resurslarini muhofaza qilish tadbirlariga 129 foizga, chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish tadbirlariga 105 foizga, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tadbirlariga 112 foizga, o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish tadbirlariga 111 foizga, oqova suv tozalash inshootlarini qurish va qayta ta’mirlash ishlariga amalga oshirilgan harajatlar 110 foizga o‘sishiga erishilgan.

Shu bilan birga 2018 yilning I choragida Davlat budjeti hisobidan tabiatni muhofaza qilish tadbirlari uchun 112,0 mlrd. so‘m (yoki jami iqtisodiyot xarajatlarining 9,3 foizi) sarflangan bo‘lib o‘tgan 2017 yilning mos davrida 127,6 mlrd. so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 15,6 mlrd.so‘mga kamaygan.

Yig‘ilishda deputatlar tomonidan atrof muhitni muhofaza qilish, aholi salomatligini yaxshilash va ekologik muammolarni hal etish uchun Davlat budjetidan ajratilayotgan mablag‘lardan maqsadli, samarali foydalanish hamda budjet intizomiga rioya qilinishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish, atrof muhit muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishga qaratilgan dasturlarning Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan chora-tadbirlar ijrosini to‘la ta’minlash yuzasidan fikrlar bildirildi.

Tadbirda deputatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalarni va takliflarni muhokama qilib, ko‘rib chiqilgan hisobotlar yuzasidan Ekoharakat deputatlar guruhining tegishli qarori qabul qilindi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi