Deputatlar Davlat budjetining 2017 yildagi va 2018 yilning birinchi choragidagi ijrosini ko‘rib chiqdilar

2018-06-01

Joriy yilning 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2017 yilgi hamda 2018 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqdilar.

Taqdim etilgan hisobotlar palataning Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasida, siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston ekologik harakati deputatlar guruhining majlislarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarini tubdan rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan chora-tadbirlar natijasida iqtisodiyotni barqaror, muvozanatlashtirilgan holda rivojlantirilishi va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlari ta’minlandi.

Majlisda valyuta siyosatini liberallashtirish va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, uning eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni yaratish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilayotganligi ta’kidlanib, bularning natijasida 2017 yilda mamlakat yalpi ichki mahsulotining 5,3 foiz, sanoat ishlab chiqarish hajmi – 7,0 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi – 2,0 foiz, xizmatlar – 8,9 foiz hamda qurilish – 5,6 foizga o‘sishi ta’minlanganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, tushumlar barqarorligiga erishilganligi hamda budjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlash orqali Davlat budjeti 337,3 mlrd. so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etilgan.

Deputatlar iqtisodiyotni mutlaqo yangi asosda tashkil etish va yanada erkinlashtirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish borasida qator qonunlar, mamlakatimiz Prezidentining farmon va qarorlari, davlat dasturlari qabul qilinib, ular bugun muvaffaqiyatli amaliyotga joriy etilayotganligini, shuningdek iqtisodiyot sohasida zamon talablariga javob beradigan, yangicha ma’no-mazmundagi va samarali islohotlarni amalga oshirish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini e’tirof etdilar.

Davlatimiz rahbarining 2017 yilning 7 iyundagi mahalliy budjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish hamda mahalliy budjet daromadlarini shakllantirishdagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan farmon va qarorlarining ijrosi natijasida o‘tgan yilda mahalliy budjetlarning daromadlar qismi prognozga nisbatan 104,9 foizga bajarilgan.

Hisobot davrida Davlat budjeti xarajatlarining ijtimoiy yo‘naltirilganligi ta’minlanib, Hukumat tomonidan asosiy e’tibor budjet xarajatlarining samaradorligini ta’minlash, ijtimoiy xizmatlarning sifatini oshirish, birinchi darajali to‘lovlar bo‘yicha xarajatlarni to‘liq va o‘z vaqtida moliyalashtirish hamda budjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish borasida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, bugun hayotga joriy etilayotganligi, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining belgilangan parametrlar doirasida ijro etilishida asosiy omil bo‘lganligi qayd etildi.

Chunonchi, ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun Davlat budjeti xarajatlarining 55,2 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi. Ijtimoiy xarajatlarning 58,7 foizi ta’lim tizimini saqlash va rivojlantirishga hamda 26,9 foizi sog‘liqni saqlash sohasi xarajatlariga sarflanganligi mamlakatda inson kapitalini o‘stirishga va aholi salomatligini ta’minlashga bo‘lgan e’tibordan dalolat ekanligi alohida ta’kidlandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2018 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqish davomida deputatlar Davlat budjeti daromadlarining shakllanishi va harajatlarining sarflanishi holatini tahlil qildilar.

Deputatlar Parlament a’zolari tomonidan joylardagi haqiqiy holatni o‘rganish hamda nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirish jarayonlarida Davlat budjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, xududlarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasida hali yechimini kutayotgan masalalar borligiga e’tibor qaratib, joriy yilning birinchi choragida mahalliy budjetlar daromadiga 874,0 mlrd. so‘m qo‘shimcha tushgan mablag‘larni aynan shu masalalarni hal etishga yo‘naltirish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklifni ilgari surdilar.

“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturini ijro etish maqsadida yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ham juda katta moliyaviy mablag‘lar ko‘zda tutilganligi ta’kidlanib, ularning natijadorligi va samaradorligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini ham eslatib o‘tdilar.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda deputatlar tomonidan xududlarning resurs salohiyatini to‘liq amalga oshirish, budjet mablag‘laridan yanada samarali foydalanishni ta’minlash, mahalliy budjetlar daromadini oshirish borasida joylarda mavjud imkoniyat va rezervlarni to‘la ishlatishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Muhokamalar davomida deputatlar mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalq deputatlari tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligini ta’kidladilar.

Majlis yakunlariga ko‘ra Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2017 yildagi hamda 2018 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi.

Deputatlar parlament Qonunchilik palatasining vakolatlariga taaluqli boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi