Ehtiromdan ko‘ngillar munavvar

2015-08-03

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida «Avlodlar uchrashuvi» loyihasi doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti va bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda «Keksalarni e’zozlash yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirga mehnat faxriylari, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, yoshlar taklif etildi.

Tadbirda mamlakatimizda faxriylarning hayot darajasi va sifatini yanada oshirish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, mazmunli dam olishi, hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Joriy yilda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Bu nuroniylarga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasidir.

Bu kabi avlodlar uchrashuvlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshi ulug‘ insonlarning jamiyatimiz hayotida rolini oshirish, osuda hayotimiz uchun mardlik va fidoyilik ko‘rsatgan nuroniylarimizning madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay sharoit yaratishdan iboratdir.

– Biz, keksalarga ko‘rsatilayotgan hurmat-e’tibordan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tariladi, – deydi Yashnobod tumanidagi Behizor mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Musaxon Yo‘ldoshev. – Yurtimizdagi betakror o‘zgarishlar, bunyodkorlik jarayonlarini ko‘rib, yashargandek bo‘laman. Shunday yurtda yashayotganimiz, shu kunlarni ko‘rayotganimiz uchun ming shukr, deyman.

Turli sohalarda erishayotgan yutuqlarimizda, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, dasturxonimiz to‘kinligi zamirida nuroniy otaxonu onaxonlarimizning xizmati beqiyos. Ayni chog‘da mo‘tabar keksalarimizning hayot saboqlari yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda taniqli va yosh san’atkorlar, badiiy jamoalar tomonidan kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.