Jamoatchilikni tashvishlantirayotgan masala yuzasidan Prezidentga taklifkiritish amaliyoti yaratiladi

2018-05-15

Davlatimiz rahbarining joriy yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi tashkil etildi.

Ushbu kengashga fuqarolik jamiyatini va keng jamoatchilikni tashvishlantirayotgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, mazkur sektorning holati va rivojlanish tendensiyasi haqida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini muntazam ravishda xabardor qilish va Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha qulay sharoitlar yaratish yuzasidan Prezidentga takliflar kiritish vazifasi yuklatildi.

Farmon bilan NNT faoliyatiga doir kamchilik va to‘siqlarni bartaraf qilish maqsadida joriy yilning 1 iyunidan boshlab yangicha tartib o‘rnatiladi. Xususan, NNTlarga ma’lum darajada qiyinchiliklar keltirib chiqarishga sabab bo‘lib kelayotgan tadbirlarni kelishish tartibi bu haqida xabardor qilish tartibi bilan almashtirildi.

Sohadagi ortiqcha qog‘ozbozlikka barham berish maqsadida 2019 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda NNTlar va ularning ramzlari davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, NNTlarning o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida xabardor qilish, NNTlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi yillik hisobotlari, NNTlar tomonidan chet davlatlardan, xalqaro va xorijiy tashkilotlardan, chet davlatlarning fuqarolaridan yoki ularning topshirig‘iga binoan boshqa shaxslardan pul mablag‘lari va mol-mulk olishni kelishish elektron tarzda amalga oshiriladi.

NNT tomonidan pul mablag‘lari va o‘z mol-mulkidan erkin foydalanishini ta’minlash maqsadida NNTlarga xorijiy subyektlardan kelib tushgan pul mablag‘lari va mol-mulkdan foydalanish bo‘yicha (ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ bilan belgilangan tartibda kelishilgandan so‘ng) barcha to‘siqlar olib tashlanadi.

Shuningdek, NNTlar endilikda o‘zlariga ma’qul va qulay bo‘lgan bank xizmatidan foydalanishi mumkin. Chunki NNTlarga ajratilgan xorijiy grant mablag‘lari mazkur tashkilotlarning istalgan bank muassasasida ochilgan maxsus hisobvaraqlariga kelib tushishiga ruxsat berildi.

NNTlar tomonidan ishchi-xodimlarga yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foiz miqdorida qo‘llanilishi NNTlarga homiylik va a’zolik badallaridan kelib tushadigan pul mablag‘larini manzilli yetkazilishida uzilishlarga sabab bo‘layotgan edi. Shunga ko‘ra, farmon tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan mablag‘lar uchun NNT yagona ijtimoiy to‘lov stavkasini 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘laydi.

Amaldagi “Jamoat fondlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra, jamoat fondi ma’muriy xarajatlarining, shuningdek, vasiylik kengashi va taftish komissiyasi a’zolariga beriladigan mukofot puli to‘lovlarining va ular o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiyasining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 20 foizidan oshmasligi lozim edi. Bu esa, fond tomonidan o‘z xodimlarini fond ustavida ko‘rsatilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishdagi mehnatlarini rag‘batlantirishda ma’lum qiyinchiliklar keltirib chiqarar edi.

Shu munosabat bilan farmonda jamoat fondi ma’muriy xarajatlarining, shuningdek, vasiylik kengashi va taftish komissiyasi a’zolariga beriladigan mukofot puli to‘lovlarining va ular o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiyasining yillik umumiy summasi fondning barcha xarajatlari summasining 20 foizidan 30 foiziga oshiriladigan bo‘ldi.

NNT pensioner xodimlariga pensiya ularning mazkur tashkilotlardagi faoliyati yagona ish joyi bo‘lgan taqdirda, to‘liq to‘lanishi kabi imkoniyatlar amaliyotga joriy qilinmoqda.

Farmon bilan NNTlarning eng asosiy muammolaridan biri bo‘lgan bino masalasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari”ni tashkil etish orqali yangicha usul bilan hal qilinadi. Mazkur uylardagi xonalar NNTlarga ijara to‘lovining “nol” stavkasini qo‘llagan holda beriladi.

Fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan olib borilayotgan o‘ziga xos mehnatni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Xulosa qilib aytganda, qabul qilingan farmon NNTlarning huquqiy maqomi, roli va ahamiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa ularning yanada samarali faoliyat olib borishiga zamin yaratadi.

Jahongir Uzoqov,

Adliya vazirligi mas’ul xodimi.

Manba: O'zA