Davlat byudjeti ijrosi muhokama qilindi

2017-11-03

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2017-yilning to‘qqiz oyidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Deputatlarning fikricha, hisobot davrida muhim masala – xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolingan, barcha darajadagi byudjetlar mutanosibligi ta’minlangan. Sanoat va xizmatlar ko‘rsatish sohasining jadal rivojlantirilishi hisobiga 2017-yil yakuni bilan 15 tuman subvension hududlar safidan chiqishi hamda qolgan subvension tumanlarda subvensiya ulushi mamlakatimiz bo‘yicha 11 foizga kamayishiga erishish kutilmoqda.

– Keyingi yillarda valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarishlarni hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini barqaror rivojlantirishga xizmat qilmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Adham Shodmonov. – Bugungi kunda yurtimizda milliy valyuta barqarorligini mustahkamlashning yangi mexanizmlarini joriy etish dolzarb vazifadir. Prezidentimizning 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni amaldagi valyutani tartibga solish tizimini tubdan isloh qilishni, valyuta siyosatini liberallashtirishni, shuningdek, barcha tadbirkorlik subyektlariga tashqi savdo faoliyatini amalga oshirishda teng sharoitlar yaratilishini ta’minlamoqda.

Yig‘ilishda deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi davlat byudjetining ayrim muhim parametrlari ijrosiga alohida to‘xtalib, soliqlar va yig‘imlarni to‘liq ta’minlash, hududlarda yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, ishlamayotgan, iqtisodiy nochor korxonalar faoliyatini tiklash evaziga soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish, shuning hisobidan mahalliy byudjetlar daromadlari bazasini mustahkamlash hamda mahalliy byudjetlar xarajatlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni konstruktiv tahlil qildi.

Qayd etilganidek, 9 oyda 20 mingdan ortiq yangi loyiha amalga oshirilgan. 1 ming 863 korxona moliyaviy sog‘lomlashtirilgan, 566 davlat mulki xususiylashtirilib, o‘z egalariga topshirilgan, soliq to‘lovchilar to‘liq qamrab olinishi va boqimanda qarzdorlikning undirilishi hisobiga 579,8 milliard so‘m byudjetga qo‘shimcha daromad tushumi ta’minlangan.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida qariyalar, nogironlar va kichik yoshdagi bolalarni sog‘lomlashtirishga, ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘linmalari va reabilitatsiya markazlariga 125,7 milliard so‘m sarflangan.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralar vakillarining axborotlari tinglandi.

Manba: O'zA