Muammolarga aniq yechim topildi
2017-10-02
Joriy yil 28-29 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev, ichki ishlar vaziri P.Bobojonov, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriy, Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, adliya vaziri o‘rinbosari A.Toshqulov hamda mazkur idoralar mas’ullari, shuningdek, tijorat banklari rahbarlari Samarqand viloyatida sayyor qabullar o‘tkazdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xalq bilan muloqot qilishi va ularning murojaatlari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari aholining murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ularni qiynab kelayotgan muammolarga yechim topishda yuksak samaralar bermoqda.
Bugungi kunda davlat hokimiyati organlari, Xalq qabulxonalari rahbarlarining joylarda sayyor qabullari o‘tkazilib, xalq bilan bevosita muloqoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning natijasida aksariyat muammolar joyida hal etilib, odamlarning adolatga, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanayotir. Rahbarlar va mansabdor shaxslarning davlatimiz, xalqimiz oldidagi mas’uliyati oshmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi raisi K.Komilovning Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida viloyatning barcha tuman va shaharlaridan kelgan fuqarolar ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabullarida uy-joy bilan bog‘liq va mulkiy nizolar, firibgarlik, yer ajratishdagi qonunbuzilish holatlari, oila-nikoh masalalari yuzasidan murojaatlar ko‘rib chiqildi. Har bir murojaatga adolatli, qonuniy yechim topish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
Jumladan, Samarqand tumanidan N.Mahmudovning yer-mulk egaligi, urgutlik N.Haydarovaning shaxsiy avtomashinasiga qo‘yilgan ta’qiqni olib tashlash bo‘yicha murojaatlariga shu yerning o‘zida yechim topildi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda fuqarolar prokuratura sohasiga oid masalalar va huquq buzilishlariga oid muammolar yuzasidan murojaat qildi.
– Turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganman, lekin bolam uchun 5 yildan buyon aliment puli ololmayman, – deydi Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasida yashovchi M.Ahmedova. – Ushbu masala bo‘yicha bugun Bosh prokurorga murojaat qilgan edim, muammo ijobiy hal etildi. Aliment pulini undirib berish bo‘yicha mutasaddilarga aniq muddat belgilandi va bu qat’iy nazoratga olingani ma’lum qilindi.
– 2014 yilda Toshkent davlat yuridik universitetini tugatganman, – deydi Samarqand shahrida yashovchi D.Obloqulov. – Mutaxassisligim yuzasidan Ichki ishlar akademiyasiga ishga kirish istagimni bildirganimda, Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda emasligim uchun hujjatlarimni qabul qilishmagan. Mazkur masalada ichki ishlar vaziriga murojaat qildim. Menga tegishli tavsiya va tushuntirishlar berilib, ishga kirish masalasini ko‘rib chiqish mas’ul xodimlarga topshirildi.
O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi M.Tohiriyning sayyor qabullarida tadbirkorlar, korxona va tashkilotlar vakillari hamda jismoniy shaxslar sohaga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi va ularga faoliyatida yuzaga kelgan muammolarni hal etish yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.
Uchrashuvda tadbirkorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida yurtimizga olib kirilayotgan texnologik asbob-uskuna va jihozlarga nisbatan bojxona to‘lovlarida imtiyozlarni qo‘llash tartibi, sohada qabul qilingan so‘nggi me’yoriy-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati bilan tanishdi.
– Faoliyatim davomida boshqa davlatlar bojxona organlari bilan tushunmovchilik holatlari yuz bergan, – deydi Samarqand shahrida yashovchi tadbirkor K.Jo‘ramurodov. – Bunday vaziyat boshqa mamlakatda bo‘lgani uchun ko‘p muammolarga duch kelganmiz. Bugun bojxona qo‘mitasi raisiga bu haqda aytgan edim ana shunday holatlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasiga murojaat qilishim mumkinligi va masala qisqa fursatda hal etilishi tushuntirildi.
Sayyor qabullarda tadbirkorlar uchun soliq sohasidagi yengillik va imtiyozlar, tijorat banklaridan kredit ajratishdagi qulayliklar tushuntirilib, bu borada yuzaga kelayotgan muammolar ijobiy hal etildi. Tadbirkorlar o‘z faoliyatidan kelib chiqib, ayrim tartib-qoidalar va hujjatlarni soddalashtirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Ikki kunlik sayyor qabullar yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ularga o‘z vaqtida yechim topishda shu kabi bevosita muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatdi. E’tiborlisi, bu tadbirlarda aholining faolligi ortib, davlat organlariga ishonchi oshib bormoqda.