Bo‘ka tumanida sayyor uchrashuv
2017-10-02
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi va Toshkent viloyati kengashi tomonidan Bo‘ka tumanida aholi bilan muloqot va sayyor qabul o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2017-yil 12-iyulda bo‘lib o‘tgan videoselektr yig‘ilishidagi "Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak" mavzusida so‘zlagan ma’ruzasidan kelib chiqadigan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda partiyaning viloyat va tuman kengashlari xodimlari, tuman hokimliklari mas’ullari aholi bilan muloqot o‘tkazdi.
Murojaatlar asosan bankdan kredit olish, aholi bandligini ta’minlash, turar joy, kommunal xizmat, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi, kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam, pensiya va nafaqa ta’minoti, ichimlik suvi, ichki yo‘llarni ta’mirlash kabi o‘ndan ortiq masala xususida bo‘lib, aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
– Yangi imorat qurish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun yer uchastkasi ajratilishi bo‘yicha qilgan murojaatim ijobiy hal etiladigan bo‘ldi, – deydi "Navro‘z" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi To‘laboy Hamroqulov. – Ushbu harakatimizni tuman hokimi ma’qullab, uning ijrosi bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Fuqaro Robiya Boymanova mahallasida qarovsiz yotgan yer maydonida bog‘ barpo etish yuzasidan yordam so‘rab murojaat qildi. Uning farzandlari ishsiz ekani inobatga olinib, mazkur masala ham ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.
Tumanda aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahallalardagi kam ta’minlangan oilalarga 1 boshdan qoramol berilmoqda. Shuningdek, jismoniy imkoniyati cheklangan 35 fuqaroga tikuv mashinasi berilib, ish bilan ta’minlandi. Oilaviy sharoiti og‘ir 10 oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Tadbirda partiya mas’ullari va partiyadan saylangan deputatlar tumandagi "Faxrizbek Bunyod o‘g‘li" fermer xo‘jaligi dalasida hasharchilar bilan uchrashdi. Ilg‘or terimchilarga partiyaning esdalik sovg‘alari topshirildi.