2015 yilning birinchi yarim yilligiga bag'ishlangan Hay’at yig'ilishi
2015-08-03
2015 yilning 29 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi faoliyatining birinchi yarim yillik yakunlariga bag'ishlangan Hay’at yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasining 2015 yil 1-yarim yillik davomida atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilikka rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini ta’minlash bo'yicha maqsadga yo'naltirilgan ishlar keng muhokama qilindi. Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo'jaligi masalalari va ekologiya qo'mitasi a’zolari, hududiy qo'mitalar, tuzilmaviy bo'linmalar, ilmiy ishlab chiqarish institutlari rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig'ilishda ta’kidlanganidek, 2015 yil xo'jalik yurituvchi sub’yektlarni tekshirishlar reja-jadvaliga muvofiq 2015 yil 1-yarim yillikda 432 ta nazoratdagi ob’yektlarda tekshirish o'tkazildi.
151 ming 506 ta atrof muhitni ifloslantiruvchi manbalar asbob usuli bilan tekshirildi va 8270 ta manbalarda ifloslantiruvchi moddalarni atrof muhitga o'rnatilgan normativdan ortiq chiqarish, tashlash holatlari aniqlandi.
Tabiatni muhofaza qilish qonunchiligini buzganlik uchun 11,3 mingdan ortiq mansabdor shaxs va fuqarolarga, atrof muhitga yetkazilgan zarar uchun 1998,3 mln.so'm ma’muriy jarima va da’volar solindi, shundan 1804,3 mln.so'mi undirildi.
Brakonyerlardan 138 ta ov qurollari va 1128 ta to'rlar olib qo'yildi.
O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan 30.07.2014y. №03-21-1-son bilan tasdiqlangan "Biologik resurslardan oqilona foydalanish va respublika tabiiy suv havzalarida barqaror ekologik vaziyatni ta’minlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar Dasturi"da ko'zda tutilgan 31 tadbirlar bo'yicha ijro nazorati olib borildi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.01.2015y. EDO 03-40-16 majlis bayoni bilan tasdiqlangan "2015 yilda respublikada baliqchilik tarmog'ini rivojlantirish va baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko'paytirish bo'yicha chora-tadbirlar Dasturi"ni bajarilishi bo'yicha nazorat amalga oshirildi.
2015 yil 1 iyul holatiga 554,4 ming gektar tabiiy suv havzalaridan 70 foizi, 386,2 ming gektari baliqchilik korxonalariga ijaraga berildi. 168,2 ming gektar bo'sh qolgan bo'lib, shundan 128,9 ming gektari Navoiy va Jizzax vilotyalari, 40,0 ming gektari esa Qoraqalpog'iston Respublikasi va Buxoro viloyatlari hissasiga to'g'ri kelmoqda.
Hisobot davrida yovvoyi hayvonlarni ovlash uchun 135 ta, yovvoyi hayvonlarni O'zbekiston Respublikasiga olib kirish va uning tashqarisiga olib chiqish bo'yicha 334 ta, shu jumladan, CITES Konvensiyasi bo'yicha 146 ta, o'simlik dunyosi bo'yicha dorivor, oziq-ovqat va texnik o'simliklarni yig'ish va tayyorlashga 138 ta, shuningdek yovvoyi holda o'suvchi o'simliklar va ularning qismlarini respublikadan tashqariga olib chiqishga 140 ta hamda respublikaga olib kirishga 7 ta ruxsatnomalar berildi.
Atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonunchilik bazasini, shuningdek me’yoriy-uslubiy hujjatlarni rivojlantirish va takomillashtirish bo'yicha "O'zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhit davlat monitoringi haqida Nizomga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida"gi, "Jamoatchilik ekologik nazorati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risida"gi, "Idoraviy va ishlab chiqarish ekologik nazorati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to'g'risida"gi, "O'simlik dunyosi ob’yektlaridan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi ("Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o'tish tartibi to'g'risida" №290 20.10.2014y) O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihalari ishlab chiqildi va kiritildi.
Halqaro tashkilotlar bilan milliy, mintaqaviy va yuqori darajadagi xamkorlikni rivojlantirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi tomonidan qabul qilingan va bajarish mas’ulligi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasiga yuklatilgan majburiyatlari bajarildi.
BMTning YEIK bilan birgalikda sanoat avariyalarini transchegaraviy ta’siri haqidagi Konvensiya doirasida, ekologik faoliyatning natijadorligi, shuningdek DBRK doirasida hamkorlik bo'yicha ishlar olib borildi.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (IXRT) bilan birgalikda tovar va hizmatlarni ekologik standartlashtirish va ekologik tamg'alash sohasida, atrof muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy mexanizmlarni qo'llash tizimini rivojlantirish, shu jumladan chiqindilar bilan munosabatlar doirasida xamkorlikda faoliyat olib borish bo'yicha amaliy ishlar faollashtirildi.
Osiyo Taraqqiyot Banki bilan O'zbekistonda loyihalarni ro'yobga chiqarish bo'yicha hamkorlik amalga oshirilmoqda. Jumladan, "Surxondaryo viloyatida ichimlik suv ta’minoti va sanitariyasi" va "Xorezm-n/p Sarimoy LEP 220 kV Taxiatosh IES-PS qurilishi" (Xorazm viloyati) loyihalari bo'yicha atrof muhitga ta’sirni baholash bo'yicha hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. O'zbekiston Respublikasida chiqindilarni boshqarish bo'yicha Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqishni boshlash yuzasidan "Qattiq chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish" loyihasi bo'yicha suhbat o'tkazildi.
Hay’at yig'ilishi yakuni bo'yicha Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi muhim ustuvor yo'nalishlarni amalga oshirish va insonlar salomatligi uchun qulay sharoit yaratish va ekologik muvozanatni saqlash bo'yicha quyida yuklatilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlash ishlarini davom ettirish zarurligi yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Xususan:
- qonunchilik bazasini rivojlantirish va takomillashtirish;
- atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan foydalanish va takror ishlab chiqarish ustidan davlat nazoratini samaradorligini oshirish;
- tabiatni muhofaza qilish faoliyatini tarmoqlararo kompleks boshqarishni amalga oshirish;
- resurs tejaydigan texnologiyalarni tadbiq qilish, tabiatni muhofaza qilish va resurs tejaydigan yagona siyosatni amalga oshirish;
- atrof muhitning qulay ekologik holatini ta’minlash;
- halqaro aloqalarni rivojlantirish;
- axborot - kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish;
- kadrlar salohiyatini oshirish.