«O‘zagrosug‘urta» aksiyadorlik jamiyati «Salohiyatli yoshlar – yurt kelajagi» mavzuida onlayn videomuloqot o‘tkazdi
2017-09-27
Ochiq muloqotda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari hamda "O‘zagrosug‘urta" aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyat filiallarida ishlayotgan 350 dan ortiq 30 yoshgacha bo‘lgan xodimlari qatnashdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 5-iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida"gi farmoni hamda 18-iyuldagi "O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori yurtimizda barkamol avlodni har taraflama bilimli va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan komil insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
"O‘zagrosug‘urta" aksiyadorlik jamiyati menejeri Sherzod Islomovning ta’kidlashicha, yigit-qizlarning tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, loyiha va g‘oyalarini amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etishida sug‘urta tizimining ham alohida o‘rni bor. Mamlakatimizda ilk marotaba o‘z biznesini boshlayotgan yoshlarga ko‘maklashish, garov ta’minotiga ehtiyoji bo‘lgan ishbilarmonlarning sug‘urta himoyasini ta’minlash maqsadida “Yosh tadbirkorlarning kredit qaytarilmasligi bo‘yicha javobgarligini sug‘urta qilish” deb nomlangan sug‘urta turining ikki yildan buyon mavjudligi buning yorqin isbotidir.
Onlayn tarzda o‘tgan videomuloqotda jamiyatning Toshkent shahri, Qashqadaryo, Andijon, Buxoro viloyatidagi bo‘linmalari yoshlari faol ishtirok etdi. Yoshlarning asosiy qismi kelgusida yoshlar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazish, yoshlarni yilda bir marta tekin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, turli tanlovlar tashkil etish zarurligi, yoshlarning til o‘rganishi va xorijda malakasini oshirishi uchun jamiyat kasaba uyushmasi qanday ko‘mak berishi mumkinligi kabi masalalar bilan qiziqdi.
Tizimda faoliyat yuritayotgan yoshlarning izlanuvchanligi, yangilik yaratishga bo‘lgan qiziqishi e’tiborga olinib, kelgusida ijtimoiy tarmoqlarda «Agrosug‘urta» guruhini yaratish, uning sahifalarida har bir bo‘linmalarda bo‘layotgan yangiliklar, kunlik natijalarni yoritib borishga kelishib olindi. Yoshlarning chet ellarda malaka oshirishi bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, har oyda ikki marta viloyatlar o‘rtasida videomuloqot tashkil etish, futbol jamoasini shakllantirishga kelishib olindi.