Notariuslar bilan ochiq muloqot
2017-09-05
2017-yil 4-sentyabr kuni Adliya vazirligida notariuslar hamjamiyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda respublikaning barcha hududlaridan kelgan notariuslar va adliya organlarining mutasaddi rahbarlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish lozimki, notariat jismoniy va yuridik shaxslarning fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish jarayonida malakali yuridik yordam ko‘rsatadigan, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan, huquqiy nizolarni oldini olish va huquqiy munosabatlarni ishonchli va tinch yo‘l bilan hal etilishini ta’minlaydigan institut hisoblanadi.
Bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda bugungi kunda notarial idoralar faoliyatida yig‘ilib qolgan muammolar atroflicha tahlil qilindi, ularni bartaraf etish mexanizmlari va takliflari o‘rtaga tashlandi. Xususan, notarial idoralarda navbatlarning ortib borayotganligi, notariuslar va idora xodimlarining fuqarolar bilan muomala madaniyati, davlat bojlarini hisoblashda yagona amaliyotni yo‘lga qo‘yish, shuningdek notarial harakatlarni rasmiylashtirishda ortiqcha hujjatlarning talab qilinayotganligi va boshqa shu kabi masalalarga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek notarius kasbining ertangi kuni, aholiga notarial xizmatlarni ko‘rsatishning eng zamonaviy uslublarini keng joriy etish va sohani yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv natijasida quyidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi:
Birinchidan, respublikaning 21 foiz notariuslari va 23,2 foiz notariat xizmatlari Toshkent shahar notarial idoralari salmog‘iga to‘g‘ri kelishini e’tiborga olib, poytaxtdagi notarial idoralar faoliyati shahar adliya boshqarmasidan bevosita Adliya vazirligi boshqaruviga o‘tkazildi va vazirlik tomonidan alohida nazorat qilib borilishi belgilandi. Notarial idoralar joylashuviga qarab, tegishli sektorlarga bo‘linib, har bir sektor bo‘yicha maxsus ishchi guruhlar tomonidan nazorat ishlari olib boriladi va muammolar «Yo‘l xaritalari asosida» bartaraf etilishi ta’minlab boriladi.
Bu jarayonda samarali jahon andozalaridan kelib chiqib jamoat nazorati mexanizmlari keng qo‘llanilishi ko‘zda tutildi. Shu maqsadda, Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda «Adliya bilan muloqot» guruhini ham yaratib, aholining bu sohadagi murojaatlari, takliflari va e’tirozlari bo‘yicha ishlashning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, poytaxt notarial idoralari negizida «Eng ilg‘or tajriba» loyihasi amalga oshirilishiga kelishib olindi. Ushbu loyiha axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng va samarali foydalanish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish, yagona notarial amaliyotning joriy etish, notarial xizmatlar va mijoz uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumotlardan foydalanish imkoni to‘liq yaratilishi, xodimlar tomonidan malakali va sifatli huquqiy tushuntirishlar berishni ko‘zda tutadi.
Ikkinchidan, sohaga yuqori darajadagi bilim, yuksak ma’naviyatli va madaniyatli mutaxassislarni jalb qilish maqsadida notarius lavozimini egallash bo‘yicha o‘tkaziladigan tanlovlarni mutlaqo yangicha yondashuv va talablar asosida o‘tkazish tartibi joriy etildi. Endilikda tanlovlar shaffof va ochiq tarzda, bevosita internet tarmog‘ida to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatish orqali hamda keng jamoatchilikni jalb qilgan holda o‘tkazilishi belgilab olindi.
Uchinchidan, notarius kasbi vakillari bugungi kun talabiga, eng avvalo xalqning ishonchini qozonishda, sifatli notarial xizmatlari ko‘rsatishda mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish yuzasidan sohaning barcha xodimlari nomidan tegishli MAJBURIYATNOMAni qabul qildilar. Majburiyatda notarius vazifasini halol va vijdonan bajarish, xalqqa sidqidildan xizmat qilish, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etish, odob-ahloq qoidalarini so‘zsiz bajarish, notarius qasamyodini buzmaslik kabilar aks ettirildi.
To‘rtinchidan notariuslar faoliyatiga yuqori talablarni qo‘yish bilan birga, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ortiqcha va o‘zini oqlamagan majburiyatlardan hamda notariusning vakolat doirasiga xos bo‘lmagan funksiyalardan ozod etish choralari ham ko‘rilishi belgilandi. «Yilning eng yaxshi notariusi» nomli tanlov e’lon qilinib, uni doimiy o‘tkazib borishga kelishib olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekistonni 2017 2021 yillarda rivojlantirish Harakatlar Strategiyasida nazarda tutilgan notarial idoralar sohasida rejalashtirilayotgan islohotlar ham atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, eng kutilayotgan va notarial sohada davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini keng qo‘llash orqali nodavlat notarial idoralari tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, majburiy notarial tasdiqlanadigan bitimlar turlarini maqbullashtirish, notarial idoralarga elektron murojaat qilish tartibini belgilash, davlat bojini elektron to‘lov tizimidan foydalangan holda qabul qilish tartibini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.