Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

2017-08-31

Toshkent shahar adliya boshqarmasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyalari hamda Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlari hududida faoliyat ko‘rsatayotgan davlat notariuslari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qiladigan odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Prezidentimizning 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davra suhbatida sudlar va notarial idoralar o‘rtasida o‘zaro ma’lumot almashish va doimiy ravishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirishda qanday holatlarga e’tibor qaratish lozimligi, notarial harakatlarning barqaror bo‘lishi mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashda alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

Sudga oid masala yuzasidan notarial idoraga yoki aksincha notarial harakat bilan bog‘liq masala yuzasidan sudga murojaat qilgan fuqarolarni sarson qilmasdan to‘g‘ri yo‘nalish bergan holda tushuntirish ishlarini amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.

– Fuqarolarimizning o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun sudlarga murojaat qilish holatlari ko‘payishi ularning odil sudlovga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanib borayotganligini ko‘rsatadi, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi raisi Sherzod Rajabov. – O‘tgan yili fuqarolik sudiga 30 murojaat kelib tushgani kuzatilgan bo‘lsa, joriy yildagi murojaatlar soni yetti oyda 280 dan oshdi.

Tadbirda ba’zi notariuslarning o‘z vazifasiga loqaydlik bilan yondashayotgani tanqidiy muhokama etildi. Ularning ma’lumotlarni, tegishli hujjatlarni batafsil o‘rganib chiqmasdan ish yuritishi fuqarolarning turli sarsongarchiliklariga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Ularga sudlar bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatib, bu kabi xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymasligi uqtirildi.