Tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot
2017-08-31
Toshkent shahar bojxona boshqarmasida tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, eksport sohasida yaratilayotgan qulayliklar hamda ulardan samarali foydalanish, ishbilarmonlar manfaatlarini ta’minlash, to‘laqonli faoliyat yuritishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari T.Rejapov va boshqalar davlatimiz tomonidan tadbirkorlik subyektlariga barcha jabhalarda qulay shart-sharoitlar yaratib berilayotgani, jumladan, bojxona sohasida ham qator tartib-taomillar soddalashtirilayotgani, bojxona to‘lovlarida imtiyozlar berilib, soha yo‘nalishida qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 21-iyundagi «Mahalliy eksport qiluvchi tashkilotlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va tashqi iqtisodiy faoliyatni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori tadbirkorlarga qator qulayliklar yaratdi.
Unga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlariga ho‘l meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarining haqini oldindan 100 foiz to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida eksport qilishga ruxsat etildi. O‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlar uchun amalda bo‘lgan imtiyoz va preferensiyalar o‘zlari egasi bo‘lgan mahsulotlarni eksport qiluvchi tashkilotlarga tatbiq etilishi belgilandi. Shuningdek, keltirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan tovarlarning muvofiqlik sertifikatini rasmiylashtirish muddatlari 3 ish kunigacha qisqartirildi.
Prezidentimizning 2017-yil 15-avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan xalqaro amaliyotda umume’tirof etilgan tashqi savdo faoliyatini bojxona-tarif yo‘li bilan tartibga solish metodlarini qo‘llash asosida aholini muhim va sifatli oziq-ovqat hamda dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida joriy yil 1-sentabrdan boshlab mamlakatimizga chetdan keltiriladigan ayrim turdagi tovarlarga nisbatan qo‘llaniladigan aksiz solig‘i hamda bojxona boji stavkalariga qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Masalan, bug‘doy uni uchun 5 foiz miqdorida undirib kelingan aksiz solig‘i bekor qilindi. Go‘sht mahsulotlari uchun belgilangan bojxona boji va aksiz solig‘i stavkalari sezilarli darajada pasaytirildi. Sariyog‘ mahsuloti uchun belgilangan bojxona boji bekor qilindi.
Muloqotda qayd etilganidek, tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining 3001 pozitsiyasidan 3004 pozitsiyasigacha bo‘lgan hamda 3006 pozitsiyasidagi farmatsevtika mahsulotlari uchun belgilangan bojxona bojlari butunlay bekor qilindi. Bu esa, mamlakatimiz aholisini muhim va arzon dori vositalari bilan ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida tadbirkorlar savollariga javob qaytarildi.