Sayyor uchrashuv doirasida aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2017-08-25
Toshkent viloyati Piskent tumanida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida aholi bilan sayyor uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xalq deputatlari, viloyat, tuman Kengashlaridagi partiya guruhi a’zolari, jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2017-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda “Ma’naviyat – eng ta’sirchan va qudratli qurolimiz” degan tamoyilga muvofiq mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik, jumladan, elektron kitobxonlikni rivojlantirish, ijodkor ziyolilarning mehnatini munosib rag‘batlantirish va yutuqlarini targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Sayyor uchrashuvda aholi murojaatlariga partiya deputatlari tomonidan atroflicha javob qaytarildi. Joyida hal etish imkoni bo‘lmagan murojaatlarning amaliy yechimi yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborishga kelishib olindi.
– Tadbir doirasida "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi bilan hamkorlikda 130 ga yaqin aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, – deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Nazarov. – Ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan 100 dan ziyod fuqaroga dori-darmon tarqatildi. Nogironlar va yolg‘iz keksalar holidan xabar olindi.
Tumandagi uyushmagan yoshlarga bepul ta’lim berish va kasbga o‘rgatishni maqsad qilgan partiyaning “Xizmat – beminnat” o‘quv kursi faoliyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.