Bank tizimining barqarorligi – iqtisodiyotni modernizatsiyalashni davom ettirishning garovidir
2015-08-03
Joriy yilning 30 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo’mitasining majlisida O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisi F.Mullajonovning O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014 yildagi faoliyati to’g’risidagi hisoboti dastlabki tarzda ko’rib chiqildi.
Majlisda senatorlar, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakillari, Markaziy bank, manfaatdor vazirlik va idoralar, tijorat banklari rahbarlari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.
Ta’kidlanganidek, Markaziy bankning o’tgan yildagi faoliyati “O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshirildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2014 yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo’nalishlariga bag’ishlangan majlisida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013 yildagi faoliyati to’g’risidagi hisoboti haqida”gi Qarorida belgilab berilgan vazifalarni so’zsiz bajarishga qaratildi.
Iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash bo’yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun bank investitsiyalarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2014 yilda tijorat banklari tomonidan bunday loyihalarga summasi 8,5 trln. so’mlik kreditlar ajratildi, bu esa 2013 yil bilan taqqoslaganda 20 foizga ko’proqdir.
Mamlakatimiz bank tizimining barqaror holati, bank tizimiga bo’lgan ishonchning ortishi, aholi daromadlarining ko’payishi aholining va xo’jalik yurituvchi subyektlarning bo’sh pul mablag’larini omonatlarga jalb qilishning garovi bo’lib xizmat qilmoqda. 2014 yilda xo’jalik yurituvchi subyektlar va aholi depozitlarining o’sishi 30,5 foizni tashkil etdi hamda 2015 yilning 1 yanvar holatiga ko’ra ularning hajmi 28,5 trln. so’mga yetdi.
Muhokamani inobatga olgan holda senatorlar O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga bank nazorati tizimini takomillashtirishga, mamlakatimiz bank tizimi moliyaviy barqarorligi va mustahkamligini oshirishga, banklarning resurs bazasini yanada kuchaytirishga, bank xizmatlarini diversifikatsiyalashga, aholining va xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning pul mablag’larini uzoq muddatli depozitlarga jalb qilishga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojlanishini yanada rag’batlantirishga, yangi korxonalarni yaratish va ishlab turgan kichik korxonalarni kengaytirish uchun kredit hajmlarini ko’paytirishga, banklarning investitsiya faoliyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirishni davom ettirishni, bunda mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirishga, ish o’rinlarini tashkil etishga va aholining bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishni tavsiya etdilar.
Majlisda ko’rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
O’zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati