Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari

2017-08-09

2017-yil 3-avgustda Urganch shahrida “Demokratiya va inson huquqlari” nodavlat instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da inson huquqlarini ta’minlashning dolzarb masalalari” mavzusidagi mintaqaviy ilmiy-amaliy seminar tashkil qilindi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi Xalq qabulxonalari rahbar xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vazirligi va Xorazm viloyat adliya boshqarmasining rahbar xodimlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, “Demokratiya va inson huquqlari” institutining mintaqaviy filiallari rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari va Yoshlar ittifoqi faollari ishtirok etishdi.

Mazkur ilmiy-amaliy seminar “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalarda mustahkamlangan inson huquqlarini va erkinliklarini ta’minlash” nomli loyiha doirasida tashkil etilib O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi NNT va boshqa fuqarolik jamiyatlari institutlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining yordamida tashkil etildi.

Ilmiy-amaliy seminarda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi huquq-tartibot idoralarining olib borayotgan ishlari tahlil qilinib, o‘zaro tajriba almashildi.

Jamiyat hayotida nodavlat tashkilotlar ishtirokining kuchayishi davlat boshqaruvi tobora demokratlashib borayotganligini ko‘rsatadi. Ayni vaqtda ular fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishini ta’minlashiga xizmat qiladi.

Mazkur ilmiy-amaliy seminarda mamlakat Prezidenti tomonidan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab qo‘yilgan, maqsad va vazifalari, uning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarning dolzarb muammolarini hal etishda davlat organlarining aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini kuchaytirish, aholi farovonligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligi, qonuniylik va adolatni, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo, fuqarolararo totuvlikning qaror topishiga yo‘naltirilganini keng targ‘ib qilib borilishini, aholining huquqiy madaniyatini oshirish kabi vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, tadbirda yangi tuzilma hisoblangan Xalq qabulxonalari instituti faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4909-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash yuzasidan, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlari buzilishi sabablarini aniqlash va ularni kelgusida bartaraf etish maqsadida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Ilmiy-amaliy seminarda “Demokratiya va inson huquqlari” instituti direktori S.A.Xodjayeva, Xorazm viloyati Xalq qabulxonasi rahbari I.M.Sabirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari A.Ye.Atajanov, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari N.X.Jumaniyozov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi R.Aytmuratovlar mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan so‘zga chiqdilar.

Shuningdek, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashda davlat organlari va xo‘jalik organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyati darajasini yuksaltirish, shuningdek mazkur yo‘nalishda uslubiy ko‘maklashish, murojaatlar bilan ishlashda o‘zaro hamkorlikni yanada takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish asosida zamonaviy interaktiv muloqotlar tarzida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Ilmiy-amaliy seminar savol-javoblarga boy ruhda o‘tdi.