To‘rtko‘lda o‘tkazilgan sayyor qabulda aholining 40 dan ortiq murojaati tinglandi
2017-08-03
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi tomonidan To‘rtko‘l tumanida sayyor qabul o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan sayyor qabulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi vazirlik va qo‘mitalari, huquqni muhofaza qilish idoralari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor To‘rtko‘l tumani fuqarolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarga qaratildi. Arizalar asosan bandlik, uy-joy, moddiy yordam, sog‘liqni saqlash, bolalar nafaqasi, gaz va suv ta’minoti, ichki yo‘llarni asfalt qilish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik sohalaridagi muammolardan iborat bo‘lib, ularning ijobiy yechimi o‘rganildi.
– Men bu yil Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutini tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha bitirdim, – deydi Dostonbek Sotimboyev. – Institutda o‘qish bilan birga, 2014-yilda To‘rtko‘l tibbiyot kolleji bilan uch tomonlama shartnoma tuzgan edim. O‘qishni tugatib, u yerga murojaat qilganimda afsuski, “bizda bo‘sh o‘rin yo‘q, biologiya fani bo‘yicha mutaxassis yetarli”, degan javob oldim. Ushbu muammo bo‘yicha Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edim, ijobiy hal etilib, tuman xalq ta’limi bo‘limiga ishga qabul qilindim.
Sayyor qabul jarayonida 40 dan ortiq murojaat tinglanib, 12 tasi shu yerning o‘zida ijobiy yechim topdi, 28 murojaat tegishli vazirliklar tomonidan nazoratga olinib, hal etilish muddati belgilandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazov so‘zga chiqdi.