Karmana tuman Xalq qabulxonasi kollej bitiruvchisini ishga qayta tiklab berdi
2017-08-01
Gulruh Qalandarova 2016 yilda Karmana sanoat kasb-hunar kollejini bitirib, “Aloqabank”ning Navoiy viloyati filialiga ishga qabul qilindi. Biroq yosh mutaxassis va bank rahbariyati o‘rtasida tuzilgan 3 oylik shartnoma muddati tugagach, u ishsiz qoldi.
Gulruhning tuman Xalq qabulxonasiga qilgan murojaati qisqa muddatda o‘rganilib, ishga qayta tiklandi.
Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida tashkil etilgan Xalq qabulxonalari faoliyati aholi murojaatlarining joyida va tez yechim topishiga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, kelib tushgan ariza va shikoyatlarni elektron shaklda tegishli davlat idoralariga jo‘natish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani ham vaqtni tejamoqda, ham ovoragarchiliklarning oldini olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Karmana tumanidagi Xalq qabulxonasi joriy yil 6 may sanasidan boshlab yagona elektron tizimga ulandi. Ayni paytga qadar bu yerga 1 ming 231 murojaat kelib tushgan va ularning 136 tasi qanoatlantirilgan. 1 ming 46 masala bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib borilgan. Qolgan ariza va shikoyatlar mas’ul tashkilotlar tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.
Tumanning Uyrot mahallasida yashovchi Abdulhay Nusratullayev oilaviy korxona tashkil etib, tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Mahsulot sifati import tovarlar bilan bemalol raqobatlasha oladi.
Bunda o‘tgan yili “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor” tanlovining mamlakat bosqichi g‘olibi sifatida olgan imtiyozli sertifikat asosida tijorat bankining 48 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i qo‘l keldi. Turli liboslar va maxsus ishchi formalar tayyorlanayotgan korxonada 6 kishi doimiy ish bilan band.
Yosh tadbirkorning imtiyozli kredit mablag‘lari foizi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan to‘lab berilishi belgilangan bo‘lsa-da, bu boradagi amaliy ishlar bir muddat kechiktirildi. Tuman Xalq qabulxonasi ko‘magida mazkur masalaning ham yechimi topildi. Tadbirkorning ish yurishdi.
– Jismoniy va yuridik shaxslardan kelayotgan murojaatlarning barchasi birdek ko‘rib chiqiladi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Karmana tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Ilhomiddin Razzoqov. – Bunda aholining davlatga ishonib, yechimini izlab ko‘targan muammosini ijobiy hal etish yoki masala yuzasidan to‘g‘ri tushuncha berish muhim ahamiyatga ega. Shundagina xalq bilan hokimiyat o‘rtasida mustahkam ishonch bo‘ladi.
Fuqarolarning kundalik maishiy yoxud oilaviy munosabatlaridagi masalalar yuzasidan qilgan murojaatlari aholi o‘rtasida targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini kengaytirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, er-xotin munosabatlari, qo‘ni-qo‘shni o‘rtasidagi nizolar bilan bog‘liq masalalarda ko‘p murojaatlar bo‘lmoqda. Aslida o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi maxsus komissiyalar, mahalla faollari bunday masalalardan doimiy xabardor bo‘lsa, joyida muhokama etib, odilona hal etsa, oilalar mustahkamligi, mahalladagi totuvlik yanada barqaror bo‘ladi. Bu borada tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadida tumanning chekka hududlaridan tortib markazgacha sayyor qabullar tashkil etish, targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish rejasi ishlab chiqilgan.
Qisqacha aytganda, Xalq qabulxonalari aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularning hayotiy muammolarini tezkorlik bilan hududning o‘zida hal etishga keng imkoniyat yaratmoqda. Turli ovoragarchiligu sarsongarchiliklarning oldini olish, eng muhimi, odamlarning og‘irini yengil qilish, davlatga, adolatga, ertangi kunga ishonchini mustahkamlashda yuksak samaralar bermoqda.