Partiya “uyg‘ondi”: Sarvar Otamuradov uyushmagan yoshlar bilan muloqot qilish maqsadida Namanganga keldi
2017-07-25
Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senati a’zolari Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 12-iyuldagi parlement, siyosiy partiyalar va Ekologik harakat vakillari bilan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalar asosida hududlarda bu boradagi mavjud vaziyatni o‘rganmoqda.
Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Sarvar Otamurodov boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyatining shahar, tumanlarida mazkur yo‘nalishdagi ishlar bilan tanishib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga yaqindan ko‘maklashmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi alohida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqib, uyushmagan yoshlar bilan tizimli ishlashni yo‘lga qo‘ydi. Partiya yetakchisi uyushmagan yoshlar bilan muloqot qilish maqsadida Chust tumanidagi “Hisorak” mahalla fuqarolar yig‘iniga bordi. Mazkur mahallada bugungi kunda 4070 nafar fuqaro 655 xonadon va 730 oilaga birlashgan holda istiqomat qilmoqda. Shu jumladan, 30 yoshgacha bo‘lganlar 2113 nafarni, yosh oilalar soni 47 tani tashkil etadi.
Sarvar Otamurodov mahalla ahlining ijtimoiy ahvoli bilan ham yaqindan tanishdi. Ularni qiynayotgan muammo va masalalarni o‘rgandi, nimalar tashvishga solayotganligiga ham e’tibor qaratdi. Ma’lum bo‘lganidek, hozirda bu hudduda toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash eng dolzarb masalalardan biri ekan. Shuningdek, jajji bolajonlar uchun maktabgacha ta’lim muassasasini barpo etish ham hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar sarasiga kiradi. O‘zMTDP fraksiyasi rahbari Sarvar Otamurodov ushbu ikki masalani ijobiy hal etish yuzasidan tegishli mutasaddi idoralar rahbarlariga alohida ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi.
- Bugunga kelib, mahallaning 10 nafar fuqarosi diniy ekstremizm oqimiga xayrixohlar ro‘yxatidan chiqarilib, jamiyatning faol a’zolari safiga qaytarildi, - dedi mahalla oqsoqoli Tohir Umarxo‘jayev. - Shu yilning o‘zida 2 kishi 25-umumta’lim maktabiga texnik xodim vazifasiga ishga joylandi. 3 nafar shaxsga tomorqa xo‘jaligi, chorvachilik va kitob savdosini yo‘lga qo‘yish maqsadida kredit ajratildi. Uyushmagan yoshlardan 18 nafariga 3 millon so‘mdan 7,5 million so‘mgacha bo‘lgan kredit mablag‘lari ajratildi. 8 nafar uyushmagan yoshlar ish bilan ta’minlandi. Ayni paytda o‘nga yaqin ishsiz, o‘qimay yurgan yoshlar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Sarvar Otamurodov bir paytlar diniy oqim ta’siriga tushib qolgan, keyinchalik xatosini anglagani bois avf etilgan Mustaqillik ko‘chasi, 37-uyda yashovchi Nosirjon Rustamovning xonadonida bo‘ldi. Bugungi kunda u o‘z tomorqasida dehqonchilik qilmoqda, qo‘ni-qo‘shnilariga velosiped ta’mirlash xizmatini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, MFY topshirig‘i asosida ko‘chaboshilik qilmoqda.
Shuningdek, O‘zMTDP Markaziy kengashi raisi tuman hududidagi aholiga xususiy sport sog‘lomlashtirish tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi “Chust tibbiy diagnostika markazi” hamda velosiped ishlab chiqaruvchi “Chust omad” MChJ ish faoliyati, u yerda ishchilar uchun yaratilgan shart-sharoit, xizmat ko‘rsatish sifati bilan ham yaqindan tanishdi.
Sarvar Otamurodov O‘zMTDP Chust tumani kengashi tomonidan tashkil etilgan “Uyma-uy” loyihasi doirasida uyushmagan yoshlar, ya’ni, aniq mashg‘ulotga ega bo‘lmagan yigit-qizlar hamda yosh tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘ldi. Ularning har birini o‘ylantirib kelayotgan masala va takliflarini tingladi.
Tumandagi “Kamarsada” mahallasida istiqomat qiluvchi 30 yoshli ishbilarmon Olimjon Mirahmedov o‘zining qiymati 14,5 million AQSh dollariga teng bo‘lgan, sobiq paxta tozalash korxonasi negizida tashkil etilishi mo‘ljallangan ip-kalava ishlab chiqarish majmuasi loyihasi bilan tanishtirdi.
Qayd etish joiz, “O‘zbekpaxtasanoat” aksionerlik uyushmasi tomonidan ma’qullangan mazkur istiqbolli loyiha moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlansa, paxta tolasidan yiliga 5 ming tonna kalava-ip ishlab chiqarish imkoniyati yuzaga keladi. Muhimi, buning natijasida 350 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Partiya yetakchisi yosh tadbirkorni bu izlanishi e’tiborga loyiq ekani, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash O‘zMTDP saylovoldi Platformasida ustuvor vazifa sifatida belgilanganini qayd etdi. Ushbu loyiha respublika darajasida hal qilinishi, uni amalga oshirishda parlament va deputatlik so‘rovi yuborish orqali yaqindan ko‘mak berishini bildirdi.
Pansada mahallasida istiqomat qiluvchi 19 yoshli Hilola Ayubova Chust tumani tibbiyot kollejini 2015 yilda tamomlagan. Hamshiralik mutaxassisligi bo‘yicha sog‘liqni saqlash muassasasiga ishga kirish niyatida. Uning murojaati o‘z joyida ijobiy hal etildi. U Chust tumani tibbiyot birlashmasiga ishga qabul qilindi.
Chust shahridagi “Dehqonbod” mahallasida yashovchi Muzaffar Roziqov 28 yoshda, ayni paytda ishsiz. Matbaachilik sohasiga ishtiyoqi baland va bu yo‘nalishda ozmi-ko‘pmi bilim-ko‘nikmalarga ega. U tuman hududida keng hajmli chop etish uskunasini kredit hisobiga xarid qilib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish niyatida. Zamonaviy uskunani xarid qilish uchun bankning moliyaviy madadiga ehtiyoji borligini aytdi. Unga bu borada O‘zMTDP tomonidan amaliy yordam berilishi aytildi.
“Do‘stlik” mahallasidan Sardor Soliyev ham tadbirkorlikka ishtiyoqmand yoshlardan. U eshik romlarini ishlab chiqarish sexini ochish bo‘yicha bankdan 35 million so‘mlik kredit olishga yordam so‘radi. Partiya rahbari bo‘lajak tadbirkorga o‘z orzusini ro‘yobga chiqarish uchun eng avvalo biznes-reja ishlab chiqishni tavsiya qildi va unga bu borada partiya tomonidan yaqindan ko‘mak berilishini ta’kidladi.