Faxriylar e’zozda
2017-07-25
Poytaxtimizdagi Urush va mehnat faxriylari uchun Respublika pansionatida partiya a’zolari bilan yuzma-yuz muloqot bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan «Xalq bilan muloqot ijtimoiy himoyaning eng samarali yo‘li» loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, pansionat vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda keksa avlod vakillari va faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyoz va imkoniyatlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda pansionatdagi mavjud vaziyat, qariyalar salomatligi, oziq-ovqat ta’minoti, yashash sharoiti o‘rganildi. Partiya mas’ullari va deputatlar yolg‘iz keksalar, qariyalar, nogironlar bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazib, ularning fikrlari, muammolari va takliflari bilan qiziqdi.
– Keksalarni ulug‘lash, ularning xizmatida bo‘lish azaliy qadriyatlardan hisoblanadi, – deydi Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi mas’ul xodimi Sirojiddin Shonazarov. – Vazifalarimiz avvalida pansionatda istiqomat qilayotgan qariyalarning salomatligi, yaratilgan sharoitlarni o‘rganib, fikr almashdik. Ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida ushbu sohaning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan vazifalarni belgilab oldik.
Pansionatda istiqomat qilayotgan qariya va nogironlarga partiyaning sovg‘alari topshirildi.