OAV – muloqot maydoni, erkin fikr minbari
2017-07-21
Termizda “Har bir ommaviy axborot vositasini chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylantiramiz” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida huquqiy-demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish jarayonida ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish va so‘z erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ayni paytda yurtimizda yuz berayotgan tub o‘zgarish va yangilanishlar, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mazmun-mohiyati bilan jamoatchilikni keng tanishtirish, aholida daxldorlik tuyg‘usini yanada mustahkamlash soha xodimlaridan fidoyilik, izlanuvchanlik va hayotga yangicha yondashuvni talab etmoqda.
Surxondaryo viloyatida 2 televideniye, 1 radio va 32 bosma ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Mavjud bosma nashrlar 120 mingga yaqin nusxada chop etilayotir.
– Prezidentimiz 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida ommaviy axborot vositalari oldida turgan bir qator muhim vazifalarni belgilab berdi, – deydi “Janub vaqti” gazetasi bosh muharriri Sh.Usmonova. – Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ularning samaralari haqida tezkor va xolis axborotlar berib borish, yechimini kutayotgan muammolarni hal etishda yanada faol bo‘lishimizga ishonch bildirdi. Biz, jurnalistlar ana shu yuksak ishonchga munosib bo‘lishimiz, kerak.
Tadbirda Davlat dasturlarining viloyatdagi ijrosini, aholi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalarida ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni keng yoritish, ularning sabab va omillarini, odamlar duch kelayotgan muammolar mohiyatini ochib berish kabi vazifalar bajarilishi talab darajasida emasligi ochiq aytilib, tahlil qilindi. Gazetalarning veb-saytlarini yaratish, jurnalistlar bilim va malakasini oshirish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.