Sayyor qabullar samarasi

2017-07-19

Prezidentimiz rahnamoligida aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizm va usullari joriy etilgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Odamlarning dardini eshitish, og‘irini yengil qilish yurtdoshlarimizning adolatga, davlatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Erniyazovning Shumanay tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xalq bilan muloqoti turli muammolarga o‘z joyida yechim topishning samarali usuli ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

Sayyor qabulda davlatimiz rahbarining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida joylarda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari samarali faoliyat yuritayotgani ta’kidlandi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan tamoyil asosida ish yuritayotgan qabulxonalar faoliyatidan aholi mamnun.

Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Shumanay tumanidagi Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar mutasaddi rahbarlar ishtirokida ko‘rib chiqildi.

Murojaatlar asosan, bankdan kredit olish, aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, turar joy, kommunal xizmat, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimiga aloqador masalalar, pensiya va nafaqa ta’minoti, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar xususida bo‘lib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.

– Yangi imorat qurish, tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish uchun yer uchastkasi ajratilishi bo‘yicha qilgan murojaatim tezda hal bo‘ldi, – deydi Tleumurat Kenesboyev. – Bu reja amalga oshsa, 10 dan ziyod kishining bandligi ta’minlanadi. Murojaatlarni samarali hal etishning bunday zamonaviy tizimi yo‘lga qo‘yilganidan barchamiz xursandmiz.

Tadbir so‘ngida barcha sohalarda qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida tegishli tashkilotlar rahbarlarining xalq oldida hisobotini tashkil etishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.