Yosh tadbirkorlar uchun muloqot
2017-07-18
Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan «Start up export» loyihasi doirasida «O‘zbekistonning eksport salohiyati» mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 iyundagi «Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan "Start up export" loyihasi mamlakatimizda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, mahsulot eksport qilish yo‘lida g‘ov bo‘layotgan to‘siqlarni bartaraf etish, korxonalarning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan.
Joriy yilning o‘tgan davrida mahsulot eksport qilishda turli to‘siqqa uchrayotgan yoki umuman eksport qilmagan 258 yangi korxonaga amaliy ko‘mak berilib, ular eksport faoliyatiga jalb etildi.
Muloqot doirasida tajribali ishbilarmonlar tomonidan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, mahsulotini eksportga chiqarish bo‘yicha tegishli maslahat va ko‘rsatmalar berildi.