Ehtiyojmand oilalar ham uyli, ham ishli bo‘lmoqda

2017-06-20

Surxondaryo viloyatida turar-joyga ehtiyojmand va mehnatga layoqatsiz bir guruh nogiron xotin-qizlarga zamonaviy tikuv mashinalari topshirildi.

Sherobod tumani hokimligida o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari aholi tomonidan o‘rtaga tashlanayotgan muammo va takliflarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va xolisona hal etishda yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga joriy yilning o‘tgan davrida kelib tushgan murojaatlarning 60 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholining ehtiyojmand qatlami ijtimoiy himoyasini hamda keksalar va imkoniyati cheklangan fuqarolarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularga munosib turmush sharoiti yaratish muhim vazifa sifatida belgilab berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga uy yoki turar-joy qurish uchun yer ajratilishini so‘rab murojaat qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Turar-joyga muhtoj fuqarolar orasida mehnatga layoqatsiz nogiron xotin-qizlar ham bor. Mamlakatimizda bu masalaning ham yechimi topilgan. Ularni bepul zamonaviy tikuv dastgohlari bilan ta’minlash, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyatlari tarkibidagi korxonalarga kasanachilik asosida ishga qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan.

– Turar-joyga muhtoj nogiron kasanachilarga taklif etilgan yangilangan loyihalar asosidagi arzon uyning boshlang‘ich to‘lovini ishga qabul qilgan korxona o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirib beradi, – deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Mavluda Qobulova. – Qolgan qismi tijorat bankining uzoq muddatli imtiyozli krediti hisobidan qoplanadi. Bepul topshirilgan tikuv mashinalari yordamida ular uyida mazkur korxona uchun zarur tikuvchilik mahsulotlari tayyorlab beradi. Uy mehnatiga jalb etilgan nogiron xotin-qizlarning dastlabki ish haqi yangi uy uchun amalga oshirilgan boshlang‘ich to‘lovni qoplashga yo‘naltiriladi. Buning samarasida nogiron ayollar bir yo‘la ham uyli, ham ishli bo‘ladi.

Bunday e’tibor uy-joyga muhtoj nogiron xotin-qizlarni ruhlantirib, ularning o‘z kuchiga, ertangi kuniga ishonchini mustahkamlamoqda.

– Ikkinchi guruh nogironiman, – deydi Sherobod tumanidagi Chinobod mahallasida istiqomat qilayotgan Muqaddas Shaydulova. –Guvaladan qurilgan kichkina hovlida ikki oila yashaymiz. Bir qizimiz bor. Turmush o‘rtog‘im fermer xo‘jaligi ishchisi. Uy sotib olishga imkoniyatimiz yetmaydi. Tikuvchilik kasbiga juda qiziqaman. Zamonaviy tikuv mashinasi xarid qilish katta orzuim edi. Mana, bugun zamonaviy tikuv mashinasini bepul berib, kasanachi sifatida ishga qabul qilishdi. Endi barcha buyurtmalarni uyda o‘tirib bajarib beraman. Eng muhimi, ishli bo‘ldim. Xudo xohlasa, hademay yangi uyli ham bo‘lamiz. Bunday samarali tizim yo‘lga qo‘yilganidan xursandmiz.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.