Sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar mohiyati soha vakillariga yetkazilmoqda

2017-06-20

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov Namangan viloyati sud-huquq tizimi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, sud-huquq tizimi vakillari, shahar, tuman hokimlarining o‘rinbosarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari, jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida inson manfaatlarini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinlarini himoya qilish, odamlarda adolatga, davlatga ishonchni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

– Bu davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida mazkur masala alohida yo‘nalish sifatida joy olganida ham o‘z ifodasini topmoqda, – deydi K.Komilov. – Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 13-iyun kuni sud organlari tizimi xodimlari bilan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ishlar, umuman, sohada to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarga tanqidiy baho berilib, ularning sabab va ildizlari atroflicha tahlil qilindi.

Tadbirda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashda eskirgan qolip va tamoyillar bilan ishlab bo‘lmasligi hayotiy misollar vositasida qayd etildi.

Ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, sud jarayonida tortishuv prinsipini to‘laqonli joriy etish, aholiga ko‘rsatilayotgan yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

– Prezidentimiz o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida sud-huquq tizimi faoliyati bo‘yicha bildirilgan tanqidiy fikrlar biz, soha xodimlari ko‘p jihatdan davr talabidan ortda qolganimizni ko‘rsatdi, – deydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudining sudyasi Muyassar Sultonova. – Bundan o‘zimizga tegishli xulosa chiqarishimiz, faoliyatimizni yanada takomillashtirish choralarini ko‘rmog‘imiz zarur.

Uchrashuvda sudyalar faoliyatidagi kamchiliklar atroflicha muhokama qilinib, kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli choralar belgilandi. Sudlar tomonidan fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, aholining sud idoralariga, sudyalarga bo‘lgan ishonchini oshirish, sudyalarning xalq ichida bo‘lib, xalq bilan hamnafas, adolat prinsiplariga qat’iy amal qilgan holda faoliyat yuritishi muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Uchqo‘rg‘on tumani faollari, aholi vakillari bilan ham uchrashdi.

Tadbirlarda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.