Parlament ishchi guruhi Baliqchi tumanida odamlarni qiziqtirayotgan masalalar bilan bevosita tanishdi

2017-06-15

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Oliy Majlis Senati a’zolari Andijon viloyati Baliqchi tumanida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishi bilan tanishdi, aholi vakillari bilan muloqotlar o‘tkazdi. O‘rganishlar natijasi xalq deputatlari Baliqchi tumani Kengashi sessiyasida muhokama qilindi.

Parlament a’zolari tumandagi davlat idoralari, ijtimoiy soha obyektlari, shuningdek, 50 ga yaqin mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi qariyb 900 xonadonda bo‘ldi. Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. O‘rganishlar bu borada o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar, foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatdi.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda tuman aholisini ko‘proq uy-joy, kommunal, transport, yo‘l qurilishi, sog‘liqni saqlash, ishga joylashish, pensiya va nafaqa ta’minoti, bank-kredit sohalari bilan bog‘liq muammolar qiynamoqda. Muloqotlar davomida ana shu va boshqa yo‘nalishlarda fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masala va muammolarning 60 tasi joyida hal etildi, 38 masalani viloyat, 8 masalani mamlakat darajasida hal etish bo‘yicha tegishli tartibda deputatlik va senatorlik so‘rovlari kiritildi.

Tumanda 63 kilometrdan iborat piyodalar yo‘lakchasi mavjud, shundan 16 kilometri ta’mirtalab, mavjud 89 bekatdan 45 tasini qayta barpo etish, shuningdek, 4 ta ko‘prikda ta’mirlash ishlarini bajarish, 45 kilometr yo‘lni qayta qurish lozim. Ishchi guruh tomonidan bu boradagi ishlarni bajarish, mavjud muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi. Shuningdek, 22 foydalanilmay turgan bino va inshoot, ular joylashgan 6,6 gektar yer maydonidan unumli foydalanish, ularni “nol” qiymatda tadbirkorlik subyektlariga berish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Sessiyada aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan tibbiy va savdo xizmati ko‘rsatish, ta’lim, ayniqsa, maktabgacha ta’lim muassasalari ishini yaxshilash, elektr energiyasi, ichimlik suvi ta’minoti sohalaridagi ahvol, shuningdek, uy-joy mulkdorlari shirkati, obodonlashtirish idoralari mutasaddilarining mas’uliyatsizligi tanqid qilindi. Bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan mansabdor shaxslar mas’uliyatini oshirish zarurligiga e’tibor qaratildi.

– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida Parlament ishchi guruhining hududlarda aholining turmush tarzi, odamlarni qiziqtirayotgan masalalar bilan bevosita tanishishi, mavjud muammolar o‘rganilayotgani ijobiy natijalar bermoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Hotamjon Ketmonov. – O‘rganishlar natijasida aniqlangan aksariyat muammolar tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda joyida hal etilmoqda.