Muloqot – inson manfaatlariga xizmat qiladi
2017-06-13
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolaridan bir guruhi Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
O‘rganish yakunlari O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, mahalliy hokimiyat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, faollar ishtirokida o‘tkazilgan xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida muhokama qilindi.
Deputatlar 10 kun davomida tumandagi 900 dan ziyod xonadonda bo‘lib, fuqarolar bilan bevosita muloqot qildi. Uchrashuvlarda turli soha bo‘yicha 967 masala ko‘tarilib, ularning ayrimlari joyida hal etildi. Qolganlari bo‘yicha mahalliy idora va tashkilotlarga tegishli ko‘rsatma berildi. Ijtimoiy obyektlar, jumladan, tuman tibbiyot birlashmasi, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishdi.
– Oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga kerakli tavsiyalar berildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Sh.Tursunboyev. – Deputatlar va senatorlar tomonidan amalga oshirilgan tegishli chora-tadbirlar natijasida 224 muammo va masala ko‘rib chiqilib, ijrosi ta’minlandi. Birinchi navbatda, qishloqlardagi ichki yo‘llar holatini yaxshilash, bandlikni ta’minlash, ichimlik suvi, gaz va elektr ta’minoti bo‘yicha aholi noroziligiga sabab bo‘ladigan holatlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiyada barcha masalalarni hal etish bo‘yicha aniq choralar, ularning ijrochilari, muddatlari belgilandi. Xalq deputatlari tuman Kengashi, doimiy komissiyalar, partiya deputatlik guruhlari faolligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.