Xorazmda sayyor qabul

2017-06-12

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingan joriy yilda davlat boshqaruvi va jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar vakillari joylarda sayyor qabullar o‘tkazib, aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lmoqda.

Aholi bilan doimiy muloqot qilish, odamlarni qiynayotgan muammolarga yechim topishning zamonaviy mexanizm va samarali usullarini joriy etish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda. Odamlarning dardini eshitish, og‘irini yengil qilish ularning adolatga, davlatga va ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari tomonidan Xorazm viloyatining Xonqa, Shovot, Yangibozor tumanlari va Urganch shahrida o‘tkazilgan sayyor qabullarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xalq bilan muloqoti turli muammolarga o‘z joyida yechim topishning samarali usuli ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

Bog‘ot tumani Toza bozor mahallasida yashovchi fuqaro So‘najon Dushamovaning murojaatiga asosan mahalladagi maktabgacha ta’lim muassasasi ishga tushirilib, aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

– Prezidentimizning Xalq qabulxonasiga o‘zim istiqomat qilayotgan “Toza bozor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 8-maktabgacha ta’lim muassasasini tezroq ishga tushirish bo‘yicha murojaat qilgan edim, – deydi S.Dushamova. – Bugungi sayyor qabulda tegishli tashkilotlarga kerakli ko‘rsatmalar berildi va shu yilning 10-iyulida ushbu muassasa bolalar ixtiyoriga topshiriladigan bo‘ldi. Mahallamizni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, yo‘llarni kapital ta’mirdan chiqarish bo‘yicha ham qat’iy muddatlar belgilanib, ma’sul rahbarlarga topshiriqlar berildi. Bundan butun mahallamiz ahli xursand.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va joylardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan fuqarolar bilan o‘tkazilgan sayyor qabullarda turli vazirliklar, viloyat, tuman va shaharlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Sayyor qabullarda har bir murojaatchining arzi-holi diqqat bilan tinglanib, ularda norozilik kayfiyatini keltirib chiqargan holatlarni hokimlar, masalaga daxldor boshqarmalar, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida chuqur tahlil qilgan holda bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aksariyat murojaatlarda keltirilgan inson huquqlarining buzilishi holatlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o‘z joyida hal etildi. Ma’lum muddat, ya’ni atroflicha o‘rganish taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar, murojaat egalariga huquqiy tushunchalar berildi.

– Tumanimizda 178 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, – deydi Xonqa tumani hokimi O.Jumanazarov. – Aholining yashash sharoitini yaxshilash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishchi guruhlar ish olib bormoqda. Ammo bugungi sayyor qabulda biz hali o‘z yechimini kutib turgan masalalar ko‘pligini angladik. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar bilan ishlash, ularni o‘z imkoniyatlari doirasida ish bilan ta’minlashni yanada jadallashtirishimiz lozim ekan. Sayyor qabulda tegishli vazirliklar ma’sul xodimlari bilan birgalikda tumanimiz aholisini qiynayotgan masalalar yuzasidan tegishli yordam berilishi bildirildi.

Sayyor qabullarda ko‘rib chiqilgan masala va muammolar muhokama qilinib, ularning aksariyati qonunchilik talablari asosida hal etildi. Qolgan masalalar yechimi bo‘yicha tadbirlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.