Samarqand viloyatining tuman va shaharlarida sayyor qabullar o‘tkazildi

2017-05-12

Samarqand viloyati tuman va shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va joylardagi Xalq qabulxonalari qisqa vaqt ichida aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish imkonini berib, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda har bir fuqaro o‘z hayotida duch kelayotgan muammo yoki adolatsizlik yuzasidan Xalq qabulxonalari yoki Virtual qabulxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, qonunda belgilangan tartibda o‘z murojaatiga javob olmoqda. Masalalarga ijobiy yechim topilmoqda.

Sayyor qabullarda yuridik va jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga murojaatlari ko‘rib chiqildi, ularning natijalari tahlil etildi. Turli vazirlik va davlat qo‘mitalari, huquq tartibot organlari, mahalliy hokimliklar mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan qabullar chog‘ida har bir murojaat yuzasidan mutasaddilar javoblari eshitilib, muammolarga shu yerning o‘zida yechim topildi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi sayyor qabulda Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahri aholisi tomonidan yo‘llangan 150 ga yaqin murojaat atroflicha ko‘rib chiqilib, aksariyati ijobiy hal etildi. Paxtachi tumani Ziyovuddin qo‘rg‘oni aholisining hududda yer osti suvlari ko‘tarilishi oqibatida bino va inshootlarga zarar yetayotgani haqidagi murojaati mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilgan holda muammo bartaraf etiladigan bo‘ldi. Narpaylik F.Hakimova va I.Ziyotovning nafaqa pullarini vaqtida ololmayotgani to‘g‘risidagi shikoyatiga shu yerning o‘zida yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar yuzasidan fuqarolarga tushuntirish berildi.

Samarqand shahridagi sayyor qabulda Samarqand, Jomboy va Bulung‘ur tumanlari aholisi tomonidan yo‘llangan 100 dan ortiq murojaat natijalari mas’ul idoralar vakillari ishtirokida tahlil etildi.

Bulung‘ur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar markazi to‘garak rahbari M.Ergashevaning shu paytgacha hal etilmagan muammosiga ham mazkur qabul chog‘ida yechim topildi.

– Markazimizda yosh tabiatshunoslar to‘garagi bor, – deydi M.Ergasheva. – Bolalarda tabiatga mehr-muhabbat uyg‘otish, ularni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda ushbu to‘garakning ahamiyati juda katta. Lekin nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash hammasidan ham muhim. Shuning uchun muassasamiz yaqinidagi foydalanilmay turgan yer maydonini markaz ixtiyoriga berish va bu yerda issiqxona, kichik bog‘ tashkil etib amaliy mashg‘ulotlarni shu yerda olib borish taklifini bildirib tuman hokimligi va boshqa idoralarga ko‘p murojaat qildik. Afsuski, har safar rad javob olardik. Bugungi sayyor qabuldan so‘ng murojaatimiz ijobiy hal etiladigan bo‘ldi.

Jomboy tumanidan B.Omonovning fermer xo‘jaligidan ish haqini undirish, G.To‘xtayevaning nogiron o‘g‘lini davolatish, S.Mirzayeva, M.Xo‘jamurodovaning ishga joylashish bo‘yicha murojaatlari ham ijobiy hal etildi.