Tarbiya oiladan boshlanadi

2017-05-31

Ba’zi ota-onalar farzand tarbiyasiga beparvo bo‘lmoqda. Ayrim yoshlarning yengil-elpi hayotga moyilligi sezilmoqda. Erta va qarindoshlar o‘rtasida nikoh holatlari, oilaviy ajralishlar uchrab turibdi. Ijtimoiy-ma’naviy muhiti qoniqarli bo‘lmagan oilalarda yuzaga kelayotgan bu muammolarga yechim topish, ular yurt ravnaqi, yoshlar tarbiyasida to‘siq bo‘lmasligi uchun nima qilmoq kerak?

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar hokimligi va Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda Xalqaro oila kuniga bag‘ishlab Toshkent ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar kollejida tashkil etgan «Oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish: muammo va yechimlar» mavzuidagi konferensiyada bu savolga Yashnobod tumani mahallalari faollari, namunali oilalar, olim va tadqiqotchilar, tibbiyot xodimlari, yoshlar birgalikda javob izladi.

Anjuman muhokamasida yosh avlod tarbiyasida oila, ta’lim muassasasi va jamoatchilikning o‘rni masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi H.Boboxonov, yuridik fanlari doktori, professor B.Toshev va boshqalar bu masala yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirdi.

Ma’ruzalarda oilaviy ajrimlarning oldini olish profilaktikasi, globallashuv sharoitida oila farovonligini ta’minlashda axborot xavfsizligi kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi.

...Hali kollejni tamomlamagan o‘quvchi qiz onaning qistovi bilan xolasining o‘g‘liga turmushga chiqadi. Yaqin qarindoshlar qurgan nikohdan nogiron farzand tug‘iladi. Ota-onasi tomonidan haddan ortiq taltaytirib yuborilgan farzand giyohvandlik domiga ilinadi...

Toshkent ixtisoslashtirilgan xotin-qizlar kolleji o‘quvchilari tayyorlagan sahna ko‘rinishlarida ba’zi oilalar hayotida uchrab turgan shu kabi voqealar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.

– Mamlakatimizda har bir oilaning erkin, farovon yashashi uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari N.Yo‘ldosheva. – Bugungi tadbirimizning mazmun-mohiyati oila jamiyat ravnaqida muhim ahamiyatga egaligi, oila boshliqlari va a’zolariga o‘z huquq, burch va mas’uliyatlari, farzandlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratishi lozimligini tushuntirishdan iborat bo‘ldi.