Xalq roziligi – oliy maqsad
2017-05-26
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari Surxondaryo viloyatida sayyor qabullar o‘tkazdi.
Termiz shahri va tumanlarda o‘tkazilgan qabullarda viloyatda murojaatlar bilan ishlash madaniyatini yuksaltirish, fuqarolarni o‘ylantirayotgan masala va muammolarga joyida yechim topish borasidagi ishlar atroflicha tahlil qilindi. O‘rtaga tashlanayotgan masalalarning huquqiy yechimini to‘g‘ri tushuntirishga alohida e’tibor qaratildi. Fuqarolarning dardu tashvishiga sherik bo‘lish, ehtiyoj va talablarini ta’minlash har bir rahbarning muhim vazifasi ekani ta’kidlandi.
Joriy yilning 23-may kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga Surxondaryo viloyatidan 10 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Viloyat hokimligi va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan ularning 9 ming 357 tasiga tegishli javob berilgan. Ayrim shikoyatlar rad etilgan.
Muzrabot tumanidagi Yo‘lchi mahallasida istiqomat qilayotgan Tursunqul Xolliyev hayotining 40-yildan ortig‘ini yosh avlod tarbiyasiga bag‘ishlagan. Ayni paytda nafaqada. Ko‘p yillardan buyon urologik xastalikdan aziyat chekayotgan otaxon jarrohlik amaliyotini Toshkent shahridagi zamonaviy klinikalardan birida o‘tkazishda yordam so‘ragan.
– Yoshim 65 da, – deydi Tursunqul ota. – Kasalligim jiddiyligini bilgach, tegishli joylardan poytaxtga yo‘llanma berishlarini so‘radim. Hal bo‘lavermagach, Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Bugun ushbu masala ijobiy yechim topganidan boshim ko‘kka yetdi. Birdaniga o‘zimni tetik, sog‘aygandek his eta boshladim. Biz, fuqarolarning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdorman.
Sayyor qabulda fuqarolarning sog‘liqni saqlash masalasiga oid yana bir qator murojaatlari tinglanib, joyida hal etildi.
– Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga viloyatdan tushgan murojaatlarning 591 tasida fuqarolar davolanish uchun moddiy yordam so‘ragan bo‘lsa, 12 tasida nogironlarni protez-ortopediya va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash masalasi qo‘yilgan, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi A.Norqobilov. – Shunga muvofiq, xodimlarimiz xonadonma-xonadon yurib, odamlarning sog‘lig‘i, turmush sharoiti va ehtiyojlarini o‘rgandi. Shu asosda tegishli choralar belgilandi. Joriy yilning o‘tgan oylarida 213 kishi nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi. Yana 50 ta aravachaga buyurtma berilgan. Qumqo‘rg‘on tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda tumanning Jaloir mahallasida istiqomat qilayotgan birinchi guruh nogironi Orzigul Jo‘rayevaga nogironlik aravachasi topshirildi. Sayyor qabullardan xulosa shuki, bu boradagi ishlarimizni qayta ko‘rib chiqish, aholiga ularning muammolari yechimida yaqindan ko‘maklashish, ayniqsa, quyi bo‘g‘inlarda bu ishga talabni yanada kuchaytirish zarur ekan.
Ochiq muloqotda Termiz tumanidagi Soliobod mahallasidagi namunaviy uylarda istiqomat qilayotgan bir guruh fuqarolar uylarning qurilishidagi kamchiliklar, ko‘chadagi tungi yoritish chiroqlari ishlamasligi, ichki yo‘llardagi ahvol, ichimlik suvi ta’minoti talabga javob bermasligi yuzasidan murojaat qildi.
– Mahalliy hokimlik ham, quruvchilar ham bu masalani hal etolmadi, – deydi fuqaro Gavhar Xo‘jamurodova. – Sayyor qabulda muammo qonun doirasida ko‘rib chiqilib, hal etilishi aytildi. Murojaatimiz bevosita nazoratga olinganidan xursandmiz.
Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga viloyatdan tushgan murojaatlarning 417 tasida ichimlik suvi, 347 tasida ichki yo‘llar, 168 tasida gaz ta’minoti, 65 tasida elektr energiyasidagi uzilishlar va boshqa masalalar ko‘tarilgan. Bunday muammolarni tezroq hal etish uchun keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotir. Mavjud artezian quduqlar xatlovdan o‘tkazilib, ichimlik suvi sifati tahlil qilinmoqda, yangi quduqlar barpo etilayotir. Qishloq va mahallalardagi ichki yo‘llarga asfalt yotqizilib, keng, ravon yo‘llar qurilmoqda. Tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisini arzon narxlarda suyultirilgan gaz bilan ta’minlash samaradorligi oshirilayotir. Xonadonlarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Aholining turar joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida yangilangan namunaviy loyihalar asosida 1000 dan ortiq zamonaviy uy-joylar bunyod etilmoqda. 150 dan ortiq ta’lim va tibbiyot muassasasi, bolalar sporti inshooti va boshqa ijtimoiy soha obyektlari kapital ta’mirlanib, rekonstruksiya qilinmoqda, yangidan qurilmoqda.
Viloyatda o‘tkazilgan sayyor qabullar yechimini kutayotgan muammolar ko‘pligini ko‘rsatdi. Ularni bartaraf etish uchun xalq bilan mahalliy hokimlik va boshqa davlat idoralari hamkorligini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Uy-joy bilan ta’minlash, bank-kredit, ta’lim sohasi, huquq-tartibot idoralari, soliq va boshqa nazorat qiluvchi organlar bilan bog‘liq bir qator murojaatlar ham ko‘rib chiqildi. Ularning bir qismi shu yerning o‘zida hal etildi, qolganlari bo‘yicha zarur tushuntirishlar berildi.