Adolatning katta-kichigi bo‘lmaydi

2017-04-06

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev asos solgan xalq bilan muloqot, murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim, Xalq qabulxonalari instituti o‘zbek davlatchilik maktabiga mansub adolatparvarlik, haqiqatni amalda ta’minlashdek asriy an’analar ildizlaridan quvvat oladi. Bunda oddiy odamlar qalbiga quloq solish, ularning dard-tashvishlarini astoydil tinglash, muammolarini hal etishda amaliy yordam berish, qisqa aytganda, davlat idoralarining xalq talab va istaklari asosida ishlashiga erishishdan ko‘zlangan maqsad bitta – xalqimizni hayotdan rozi qilish, ularning armonlarini ushaltirish, orzularini ro‘yobga chiqarish.

Bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlarining sayyor qabullarida ham o‘z ifodasini topmoqda.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 5-aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sayyor qabulda Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga poytaxtimizning Yunusobod va Olmazor tumanlari aholisi yo‘llagan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov boshqargan ochiq muloqotda jismoniy va yuridik shaxslardan tushayotgan murojaatlarning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shaxsan nazoratida ekani, bu islohotlar hayotimizda adolat yanada mustahkam qaror topishi, inson huquq va manfaatlarini amalda ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Sayyor qabulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Markaziy bank, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Mudofaa, Moliya, Mehnat, Adliya vazirliklari, davlat qo‘mitalari rahbarlari, Toshkent shahar, Yunusobod va Olmazor tumanlari hokimliklari mas’ul xodimlari fuqarolar va tadbirkorlar murojaatlarini bevosita muhokama qildi.

Joriy yilning 4-aprel kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga Yunusobod tumani aholisidan qariyb 20 ming 400 murojaat tushgan. Ularning 89 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda. Olmazor tumanidan shu vaqtga qadar 16 ming 640 murojaat kelib tushgan. Ularning 14 ming 793 tasi ko‘rib chiqilgan, 1 ming 847 murojaat ko‘rib chiqilish jarayonida. Tahlillar mazkur tumanlar aholisidan asosan uy-joy, bank-moliya, moddiy yordam, ish haqi va pensiya, fuqarolik, pasport va propiska, sudlarda ishlar ko‘rilishi, obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi, mehnat va bandlik, sud qarorlari ijrosi, surishtiruv va tergov jarayoni, ta’lim sohasi, issiqlik va elektr energiyasi, tabiy gaz ta’minoti, sog‘liqni saqlash, transport va yo‘lovchi tashish xizmatlari kabi yo‘nalishlar bo‘yicha murojaatlar kelayotgani aniqlandi.

Sayyor qabulda turli sohalar muhokamalari uchun alohida xonalar ajratilgani ochiq muloqotni samarali tashkil qilish imkonini berdi. E’tiborlisi, ko‘p o‘tmay ayrim masalalar joyida hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish va vaqt talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillari o‘zlariga tegishli har bir masala yechimi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Yunusobodlik Muxtabar Karimova qariyb o‘ttiz yildan beri kashtachilik bilan shug‘ullanadi. Opaning aytishicha, ilgari Oloy bozorida hunarmandlar uchun maxsus rastalar bo‘lgan, biroq 2016-yili bozor qayta ta’mirlangach, bu yerda ularga o‘z mahsulotlarini sotish uchun joy ajratilmagan.

Bu masalaga Toshkent shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Nozim Husanov quyidagicha javob berdi:

– Hozirgi vaqtda poytaxtimizning Eski shahar qismi qayta qurilmoqda. Bunda maxsus Hunarmandlar ko‘chasi loyihasi ustida ish ketmoqda. Mazkur savdo hududi Zarqaynar ko‘chasida joylashadi, bu yerda hunarmandlar o‘z mahsulotlarini emin-erkin sotish imkoniga ega bo‘ladi. Sizga ham Hunarmandlar ko‘chasidan, albatta, joy ajratamiz.

– Ungacha faoliyatimni qanday davom ettiraman? – yana savol berdi Muxtabar Karimova.

– Bu masalada ham yordam beramiz, – dedi Nozim Husanov. – Hunarmandlar ko‘chasi tayyor bo‘lguncha faoliyatingiz to‘xtab qolmaydi.

Yunusobod tumanidan yana bir fuqaro Sunnatxon Saloxov novvoychilik bilan shug‘ullanish uchun joy so‘rab murojaat qilgan. Unga namunaviy mahalla loyihasi doirasida novvoylar uchun ham joy ajratish ko‘zda tutilgani tushuntirildi.

– 2015-yili o‘quv markazi ochib, hozirgacha 21 ish o‘rni tashkil etdik, – deydi yunusobodlik tadbirkor Oybek Nurmuhammadov. – Endi markazimizni kengaytirishga ehtiyoj paydo bo‘ldi. Shu bois Virtual qabulxonaga bino uchun joy ajratishlarini so‘rab murojaat qildik. Bugun bizga quruq yer maydoni sotib olish va bino tiklashdan ko‘ra, ijaraga tayyor bino olish yoki eskirgan biror imoratni «nol» qiymatda xarid qilish arzonroqqa tushishini tushuntirishdi. O‘ylab ko‘rsak, bu chindan ham bizga qulay ekan.

Auditoriyalarda qizg‘in muloqotlar kechmoqda: kimdir sud-huquq, yana birov ishga joylashish yoki sog‘liqni saqlash yoxud yo‘llar ta’miri kabi masalalarda tegishli soha mutasaddilari bilan yuzma-yuz gaplashib, muammolarini, o‘z fikrini, taklif va mulohazalarini ochiq-oydin aytmoqda. O‘rtada chegara yo‘q, qo‘rquv, hadik, sansolarlik yo‘q. Chunki odamlar, chin ma’noda, ortida suyanch tog‘i borligini his qilmoqda, barcha masalani qonun doirasida ko‘rib chiqish va hal qilish imkonini anglab yetmoqda.

– Bugun Yunusobod va Olmazor tumanlari aholisidan tibbiyot tizimiga oid 9 murojaat bo‘ldi, ularning to‘rttasi joyida hal qilindi, qolganlari qat’iy nazoratga olindi, – deydi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Elmira Bositxonova. – Yunusobodlik Shahnoza Fayzullayevaning farzandi davolanish uchun Toshkent pediatriya tibbiyot institutining klinikasiga yotqizildi, Olmazor tumanidan Dildora Najimova va Komila Saidovaning farzandlarini “Muruvvat” nogiron bolalar internat uyiga joylashtirishga kirishildi. Yana bir bemor bilan hozir Respublika onkologiya ilmiy markaziga borib, uning davolanishi bilan bog‘liq masalalarni hal qilamiz.

Shu kuni Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida Yakkasaroy va Sergeli tumanlari aholisi uchun ham sayyor qabul tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar vakillarining joylarda sayyor qabullar o‘tkazib, aholi bilan bevosita muloqotda bo‘layotgani odamlarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali usuli sifatida o‘z isbotini topayotganini ta’kidladi. Bunda fuqarolar va tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan tegishli sohalarga mas’ul bo‘lgan rahbarlarga bevosita murojaat qilish, ular bilan yuzma-yuz, ochiq va oshkora muloqotga kirishish imkoniga ega bo‘ldi.

Joriy yilning 4-aprel kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga Yakkasaroy tumanidan 6 ming 236 murojaat kelib tushgan. Ularning 89,7 foizi ko‘rib chiqilgan, qolganlari ijroda. Sergeli tumanidan murojaatlar soni 12 ming 557 tani tashkil qiladi. Ularning 10 ming 813 tasi ko‘rib chiqilgan, 1 ming 744 tasi ko‘rib chiqilmoqda.

Har ikki tumandan ham eng ko‘p murojaat (16,8-23,4 foiz) uy-joy olish, turar joy qurish uchun yer ajratish, joylarda uy-joylarning ta’mirga muhtojligi masalalariga oid. Bank-moliya, sudlarda ishlar ko‘rilishi, fuqarolik, pasport va propiska, moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta’minoti, sud qarorlari ijrosi, mehnat va bandlik kabi masalalarda ham murojaatlar anchagina. Sayyor qabulda nafaqat bu murojaatlar ko‘rib chiqildi, balki ularning sabab-oqibatlari va yechimlari ham muhokama qilindi. Har bir murojaat bo‘yicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillariga topshiriqlar berildi.

Shayxontohurlik Manzura Isroilovaning fuqarolik va doimiy propiska masalasidagi murojaatini Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari nazoratga oldi. Sergelilik Rahmatjon To‘xtaboyevga sudlarda ishlarning ko‘rilishiga oid masala bo‘yicha Oliy sud va Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi mutasaddilari tushuntirishlar berdi.

Sergelilik Bahrom Umarqulov vaqtincha ishsiz. Onasi 1-guruh nogironi. Uning ishga kirish va moddiy yordam bo‘yicha murojaatini «Mahalla» xayriya jamoat fondi va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mutasaddilari ko‘rib chiqib, amaliy yordam beradigan bo‘ldi. Chilonzorlik Asqarali Qodirov Yakkasaroy IIB xodimlarining ayrim xatti-harakatlaridan norozi ekan. Prokuratura xodimlari A.Qodirov bilan suhbatlashib, uning bu boradagi arizasini qabul qildi.

Albatta, sayyor qabul – juda qizg‘in jarayon. Quvonarlisi, odamlarning davlat organlariga, kelajakka, adolat va haqiqatga ishonchi ortmoqda. Ularning dunyoqarashi o‘zgarmoqda.

Shu bilan birga, ayrim fuqarolarda hamon loqaydlik kuzatilayotgani taassuflidir. Masalan, Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan odamlar mazkur sayyor qabullarga chaqirilgan – bir-ikki kun oldin ularning har biri bilan bog‘lanib, bu haqda xabar berilgan. Ularning dardu tashvishlarini eshitish, muammolarini hal qilish uchun Davlat maslahatchisi, davlat boshqaruv organlari rahbarlaridan to quyi bo‘g‘inlardagi mutasaddilargacha jam bo‘lgan. Biroq ba’zi hollarda murojaatchining o‘zi yo‘q. Qani murojaat madaniyati, qani davlat organlari rahbarlariga hurmat? Axir qars ikki qo‘ldan emasmi?!. Bu murojaat qiluvchilarning o‘z shikoyat-arizalari Prezident darajasida ko‘rilayotganini chuqur anglab yetishlari hamon dolzarb masala ekanini ko‘rsatadi.

Qisqa aytganda, adolatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Ko‘lami, mohiyat-e’tiboridan qat’i nazar, har bir inson hayotida loaqal bitta masala yechilsa, birniki mingga tatiyveradi. Zotan, har bir murojaat o‘zaro muloqotga, muloqot esa qizg‘in muhokamaga yo‘l ochadi. Bu bilan jamiyatimizda adolat barqarorligi ta’minlanadi, adolat bor joyda shikoyatga o‘rin qolmaydi.