“Salomatlik poyezdi” Qashqadaryoda: chekka tumanlar va borish qiyin bo‘lgan hududlar aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2017-03-31
“Salomatlik poyezdi”ni Qashqadaryo viloyatining Oqrabot va Dehqonobod temir yo‘l bekatlarida davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, keng jamoatchilik kutib oldi.
"Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi va "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati hamkorligida tashkil etilgan xayriya aksiyasi davomida chekka tumanlar va borish qiyin bo‘lgan hududlar aholisi, ayniqsa, yoshi ulug‘ insonlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga manzilli muruvvat yordami ko‘rsatilmoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida aholini ijtimoiy muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralmoqda, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Qashqadaryo viloyati filiali rahbari G.Sharipova. – Aksiya kunlari nogiron bolalar, boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholiga dori-darmon va tibbiy anjomlar, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Tadbir davomida Dehqonobod tumani markazi va Oqrabot qishlog‘idagi 2 mingga yaqin kishi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Keksaligi yoki og‘ir betobligi sababli shifokorlar qabuliga kela olmagan bemorlar xonadoniga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Dehqonobod tumani Guroti qishlog‘ida yashayotgan Fotima momo Panjiyeva birinchi guruh nogironi. Mutaxassislar bemorning uyida uning kasallik tarixini o‘rganib, tegishli tavsiyalar berdi. Momoga nogironlik aravachasi taqdim etildi.
– Malakali shifokorlar uyimizga kelib, sog‘lig‘imni tekshirishdi, tavsiyalar va kerakli dori-darmonlar berdi, – deydi Fotima momo. – Bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Doktorlarning maslahatlaridan dardim yengillashdi. Baraka topishsin.
Tadbir davomida ijtimoiy ko‘makka muhtoj aholi va nogironlarga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarga qariyb 1 milliard 400 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, nogironlik aravachalari, kiyim-kechak, dori-darmon, tibbiyot anjomlari, sanitariya-gigiyena vositalari, o‘quv qurollaridan iborat muruvvat yordami ko‘rsatildi. Sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, kasalliklarning oldini olish, oilalarda tibbiy madaniyatni yuksaltirish yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.