Muammolar joyida hal etilmoqda
2017-03-31
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining xalq bilan bevosita muloqoti turli muammolarga o‘z joyida yechim topishga xizmat qilmoqda. Bu Andijon viloyati tuman va shaharlarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov o‘tkazgan sayyor qabullarda ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida aholi bilan doimiy muloqot qilish, muloqotning o‘ziga xos mexanizm va samarali usullarini joriy etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Odamlar bilan ochiq muloqotda bo‘lish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish, yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonidagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotir.
Qo‘rg‘ontepa, Bo‘z, Asaka tumanlari va Andijon shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi hamda joylardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan fuqarolar bilan o‘tkazilgan sayyor qabulda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, tumanlar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Prezidentning Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov, respublika Bosh prokurori o‘rinbosari U.Sunnatov murojaat qiluvchi har bir fuqaroning ariza va shikoyatini tingladi, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha hokimlar, masalaga daxldor boshqarmalar, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida zarur choralar ko‘rildi. Salomatlikni tiklash, yer ajratish, kredit olish, nafaqalarning kechikishi, inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq aksariyat masalalar shu yerning o‘zida hal etilib, murojaat qiluvchi fuqarolar talabi qondirildi. Ma’lum vaqt, atroflicha o‘rganishni taqozo etadigan murojaatlarni hal etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Sayyor qabullarda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan fuqarolar ishtirok etdi.
– Uyim kanal bo‘yida bo‘lgani uchun zaxlab ketgan, devorlari nurab, yashash uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. 3 nafar farzandim bor, uyni ta’mirlash, yangidan qurishga esa imkonim yo‘q, – deydi Xo‘jaobod tumani Ko‘prikboshi mahallasida yashovchi O‘g‘ilxon Xolboyeva. – Uyimni ta’mirlashga yordam ko‘rsatish, uy qurish uchun yer ajratib berilishini so‘rab, murojaat qilgan edim. Bugungi sayyor qabulda murojaatim o‘z yechimini topdi. Homiy tashkilotlar biriktirildi, uyim ta’mirlab beriladigan bo‘ldi. Dardimizni bizning oldimizga kelib eshitish va shu yerning o‘zida hal qilish tizimini yaratgan Prezidentimizdan minnatdormiz.
– Xonadonimda qo‘y boqish maqsadida imtiyozli kredit olish bo‘yicha qator to‘siqlarga uchradim, – deydi Paxtaobod tumani Mustaqillik mahallasida yashovchi Barno Bekmirzayeva. – Imtiyozli kredit ajratilishini so‘rab, Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga qilgan murojaatim ijobiy yechim topdi. “Agrobank”ning Paxtaobod tuman bo‘limi tomonidan imtiyozli kredit hisobiga 7 bosh qo‘y berishdi. Endi uyda qo‘y boqaman. Bolalar ham mehnat qilib o‘sadi, men uchun eng muhim jihatlardan biri shu. Bo‘lar ekan-ku! Bu yo‘lni o‘ylab topganlarning otasiga rahmat!
– Men Mehribonlik uyida voyaga yetganman, – deydi Ulug‘nor tumani Shahriobod mahallasida yashovchi Dilafro‘z Jabborova. – Shaxsiy uy-joyim yo‘qligi uchun uy olish masalasida Prezidentimizning Xalq qabulxonasiga murojjat qilgan edim. Ijobiy hal bo‘ldi. Homiy tashkilotlar ko‘magida uyli bo‘ldim. Buning uchun oddiy insonlar tashvishi bilan yashayotgan, odamlarga g‘amxo‘rlik qilib, og‘irini yengil qilish yo‘lida astoydil qayg‘urayotgan Prezidentimizdan minnatdorman.
– Kelinim Gulbahor Jalilova qand xastaligi bilan og‘rib, nogiron bo‘lib qolgan, – deydi Shahrixon tumani Bo‘ston mahallasida yashovchi Shohista Jalilova. – Sayyor qabulda kelinim uchun nogironlar aravachasi olishimga yordam ko‘rsatilishini so‘rab, murojaat qildim. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan nogironlar aravachasi ajratiladigan bo‘ldi. To‘g‘risi, bunday tez hal bo‘lishini kutmagan edim.
Sayyor qabullarda uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi, ijtimoiy muhofaza, tibbiyot, ta’lim, huquq-tartibot, bank idoralari faoliyati va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy masalalardagi 300 dan ziyod murojaat ko‘rib chiqilib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi. Murojaatlarning aksariyati o‘z joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar o‘rganib chiqish uchun masalaga daxldor tashkilotlarga taqdim etildi.
– Xalq dardi, quvonchu tashvishlariga sherik bo‘layotgan, odamlarning og‘irini yengil qilish yo‘lida ibratli ishlarni amalga oshirayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Asaka tumani bo‘limi raisi Jaloliddin Abduvaliyev. – Davlatimiz rahbarining bunday e’tibor va g‘amxo‘rligi yurtdoshlarimizning davlatga, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda.