Shayxontohur tumanida sayyor qabul
2017-03-29
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish, ular uchun barcha sohada zarur qulayliklar yaratishga qaratilgan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada odamlar bilan muloqotning ta’sirchan va samarali usullaridan keng foydalanilayotgani ana shu ezgu maqsadga xizmat qilayotir.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar vakillari joylarda sayyor qabullar o‘tkazib, aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lmoqda. Bunday uchrashuvlar aholini qiynayotgan muammolarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi tomonidan 27-mart kuni poytaxtimizning Shayxontohur tumani aholisi uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov, shahar prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi, sud idoralari rahbarlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar vakillari ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga tuman aholisidan kelib tushgan murojaatlar ularning mualliflari ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning 25-mart kuniga qadar Prezidentimizning Virtual qabulxonasiga Toshkent shahri aholisidan 140 mingdan ortiq ariza va shikoyat kelib tushgan. Shuning 14 ming 638 tasi Shayxontohur tumaniga to‘g‘ri keladi. Murojaatlarning 13 ming 836 tasi jismoniy shaxslardan, 802 tasi yuridik shaxslardan kelgan. Ularning 13 ming 11 tasi ko‘rib chiqilgan bo‘lib, 1 ming 627 tasi ko‘rib chiqilmoqda.
Tuman bo‘yicha uy-joy olish, uy-joy qurish uchun yer ajratish, uy-joylarning ta’mirlashga muhtojligi, sudlarda jinoyat ishlari, fuqarolik ishlari, xo‘jalik sudlarida ishlarning ko‘rilishi hamda sud qarorlarining ijrosi, bank-moliya masalalari, moddiy yordam, pensiya ta’minoti hamda bolalar nafaqasini olish, mehnat va bandlik, fuqarolik, pasport olish va propiska masalalari bo‘yicha eng ko‘p murojaatlar kelib tushmoqda. Ta’lim-tarbiya, obodonlashtirish, issiqlik ta’minoti, ichki yo‘llar va yo‘laklarni ta’mirlash, avtomobil yo‘llarining talabga javob bermasligi, tabiiy gaz va elektr ta’minoti, tadbirkorlik subyektlari hamda mulkdorlar faoliyatiga bog‘liq masalalar yuzasidan ham ko‘plab shikoyat va arizalar yo‘llangan.
– Fuqarolarning murojaatlari tahlili asosida qaysi sohalarda yechimini kutayotgan muammolar borligi ayon bo‘lmoqda, –deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi rahbari Mirzohid Obidov. – Har hafta yakuni bo‘yicha Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarda bu muammolar chuqur tahlil etilib, ularni hal etish masalasiga e’tibor kuchaytirilmoqda. Prezidentimizning Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga shu kunga qadar aholidan 2 ming 300 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Biz ularni qonun asosida hal etish bilan birga, bu muammolarni yuzaga keltirayotgan sabablarni ham o‘rganmoqdamiz. Aholining huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini ham olib bormoqdamiz. Bugungi ochiq muloqotda turli sohalar mutaxassislari tomonidan odamlarni o‘ylantirayotgan dolzarb mavzular yuzasidan aholiga tushuntirishlar ham berib o‘tildi.
– Prezidentimizning xalq bilan mana shunday ochiq va oshkora muloqot tizimini yo‘lga qo‘ygani yurtdoshlarimizning ko‘nglidagi ish bo‘ldi, – deydi So‘najon Mavlonova. – Bugungi imkoniyatdan foydalanib, Toshkent shahar prokurori bilan ukamning boshiga tushgan muammo yuzasidan suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldim. Firibgarlar qo‘ygan tuzoq tufayli u boridan ajralib, nogiron bo‘lib qoldi. Bu masalani qonun asosida hal etishda amaliy yordam ko‘rsatadigan bo‘lishdi. Bundan minnatdorman.
Shayxontohur tumanidagi Zulfiyaxonim ko‘chasi, 10-uyda yashovchi Fotima Ahmedova o‘z uyi atrofini obodonlashtirish, avtomobillar turar joyini tashkil etish masalasida kelgan ekan. Uning taklifi tuman obodonlashtirish xizmati xodimlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. F.Ahmedova murojaati shu yerning o‘zida qanoatlantirilganidan mamnun.
Tumanning Gulobod ko‘chasida istiqomat qiluvchi Nargiza Qodirova bolalikdan nogiron. Yurishga qiynalsa-da, qo‘lida hunari bo‘lgan bu ayol uyda bekor o‘tirishni istamay, o‘ziga ma’qul ish qidirayotgan ekan. Uning murojaatini eshitgan Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitasi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari ayolga munosib ish topib beradigan bo‘ldi.
Tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Malika Rahimova o‘z biznesini kengaytirish maqsadida muloqotga kelgan ekan. Uning dala-do‘kon ochishga oid taklifi tuman rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, amaliy yordam beriladigan bo‘ldi.