Sayyor qabul – samarali usul

2017-03-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganovning Namangan viloyati shahar va tumanlarida o‘tkazayotgan sayyor qabullari davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylanmoqda. Odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Bu ezgu maqsadlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani hamda maxsus Davlat dasturida ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, dasturga unda belgilangan yo‘nalishlarning barchasi odamlarning orzu-istaklari, talab va ehtiyojlari, fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, xalq bilan bamaslahat amalga oshirilishi g‘oyasi singdirilgan.

Davlat maslahatchisining Yangiqo‘rg‘on tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xalq bilan muloqoti turli muammolarga o‘z joyida yechim topishning samarali usuli ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va joylardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilgan sayyor qabulda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, yuqoridagi tumanlar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Prezidentning Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov, Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari U.Sunnatov har bir murojaatchining arzi-holini diqqat bilan tinglab, ularda norozilik kayfiyatini keltirib chiqargan holatlarni hokimlar, masalaga daxldor boshqarmalar, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida chuqur tahlil qilgan holda bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aksariyat murojaatlarda keltirilgan inson huquqlarining buzilishi holatlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o‘z joyida hal etilib, murojaatchining talabi qondirildi. Ma’lum muddat, ya’ni atroflicha o‘rganish taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar, murojaat egalariga huquqiy tushunchalar berildi.

– Yetti ming aholi yashaydigan qishlog‘imizdagi maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati to‘xtatib qo‘yilgani haqida va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer ajratilishini so‘rab murojaat qilgan edim, – deydi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Olchin mahallasida yashovchi Zarifa Asqarova. – Bugungi sayyor qabulda har ikki masala yechimini topadigan bo‘ldi. Tuman hokimligi tomonidan yuqoridagi muassasani tegishli tartibda “nol” qiymatda menga berish masalasi ko‘rib chiqiladigan va u yerda xususiy bolalar bog‘chasi ochib, yangi ish o‘rinlari yaratadigan bo‘ldim.

– Rahbarlarimizni xalq dardi bilan yashash, quvonch va tashvishlariga sherik bo‘lishga da’vat qilayotgan Prezidentimizdan juda minnatdormiz, – deydi keksa onaxon Munavvar Burhonova. – Taqdir ekan, voyaga yetmagan uch nabiram mening qaramog‘imda qolgan. Murojaatimga ko‘ra uchovi uchun nafaqa ajratiladigan bo‘ldi. Ularni el koriga yaraydigan insonlar etib tarbiyalasam, qiyinchiliklar unut bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining g‘amxo‘rligini aslo unutmaymiz.

Sayyor qabulda uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi, tibbiyot, huquq-tartibot idoralari faoliyati va boshqa ijtimoiy, iqtisodiy va maishiy masalalarda qilingan murojaatlar ko‘rib chiqilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.

– Kecha Kosonsoy, Pop, Chust, Namangan va Mingbuloq tumanlari va Namangan shahrida, bugun To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabul samarali bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati bosh inspektori Mansur Abdusattorov. – Jami 350 ga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi va ularning 90 foizga yaqini o‘z joyida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar o‘rganib chiqish uchun masalaga daxldor tashkilotlarga taqdim etildi, o‘n besh kun muddatda mazkur murojaatlar ham qondiriladi yoki ularning egalariga asoslantirilgan javoblar yo‘llanadi.

Shu kuni Uchqo‘rg‘on, Uychi va Norin tumanlari uchun ham sayyor qabul o‘tkazildi.