Navro‘z sadolari
2017-03-28
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yiliga bag‘ishlab "Navro‘z sadolari" III xalqaro xalq cholg‘ulari orkestrlari va ko‘p ovozli ansambllarning musiqa ko‘rik-festivali bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat, Xalq ta’limi vazirliklari, "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi, "So‘g‘diyona" xalq cholg‘ulari kamer orkestri, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati, "Tasviriy oyina" ijodiy uyushmasi va boshqa bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etildi.
"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi S.Inomova va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan boshlangan yosh iste’dodlarni kamolga yetkazish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ayniqsa, chekka hududlardagi qobiliyatli yoshlarni aniqlash borasidagi ezgu tashabbuslar izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizning turli hududlaridagi bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini yanada yaxshilash, iste’dod sohiblariga qanot bag‘ishlash borasidagi ezgu sa’y-harakatlar buning yana bir amaliy tasdig‘idir.
"Navro‘z sadolari" xalqaro musiqa ko‘rik-festivalidan ko‘zlangan asosiy maqsad bolalar musiqa san’atiga oid ta’limni yanada takomillashtirish, tahlil etish, nomoddiy madaniy merosni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, bolalar ijodiyotiga oid xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iboratdir.
Mazkur ko‘rik-festivalda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistondagi maktabgacha ta’lim muassasalari, musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan musiqa maktab-internatlari, san’at kollejlarining milliy cholg‘ular orkestr va ansambllari ishtirok etdi.
– Ko‘rik-festival juda yuqori saviyada o‘tkazildi, – deydi qozog‘istonlik yosh cholg‘uchi Asen Smog‘il. – Biz O‘zbekistonda bolalar musiqa san’atini ravnaq toptirish uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilganining guvohi bo‘ldik. Ko‘plab do‘stlar orttirdik.
– O‘zbekistonda bolalarning musiqa bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlarga har qancha havas qilsa arziydi, – deydi tojikistonlik yosh musiqachi Nekro‘z Qurbonov. – Musiqa ko‘rik-festivali do‘stlik, ahillik bayrami sifatida bir umr xotiramizda saqlanib qoladi.
Ko‘rik-festival doirasida milliy cholg‘ular ko‘rgazmasi, musiqa ijrochiligiga oid davra suhbati, konsertlar, ustoz san’atkorlar ishtirokida mahorat darslari bo‘lib o‘tdi.
Jamoalar ijrosini baholashda mahorat, musiqani teran anglab, tinglovchiga yetkazish salohiyati kabi jihatlarga asosiy e’tibor qaratildi.
Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 21-bolalar musiqa va san’at maktabi kamonli cholg‘ular ansambli, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi T.Sodiqov nomidagi 7-musiqaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining "Shodlik" ansambli, Andijon shahar 3-bolalar musiqa va san’at maktabining "Navo" orkestri, R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi orkestri, Olmaota shahridagi A.Jubanov nomidagi ixtisoslashtirilgan musiqa maktab-internatining "Jez kiik" qo‘bizchilar ansambli hamda milliy cholg‘ular orkestri (Qozog‘iston) birinchi o‘ringa munosib topildi.