Xalq qabulxonalari xalq dardiga sherik bo‘lmoqda
2017-03-28
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi faoliyatidan aholi mamnun.
G‘uzor tumani Jarariq qishlog‘ida yashovchi Dilfuza Alimardonova farzandi bo‘yin qiyshikligi kasalligi bilan tug‘ilgani, oilasining uni davolatishga imkoniyati yo‘qligi sababli ko‘mak so‘rab Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan.
– Murojaatim tezda qabul qilinib, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga davolanish uchun yo‘llanma berildi, – deydi D.Alimardonova. – Qo‘li yengil, malakali shifokorlarning jarrohlik amaliyotidan keyin farzandim shifo topib, bo‘ynidagi qiyshiklik to‘g‘ri bo‘ldi. Bundan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Buning uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
Murojaat qilayotgan har bir fuqaroning ariza va shikoyati xolisona, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilmoqda. O‘tgan davrda Xalq qabulxonalariga viloyat bo‘yicha 2 ming 63 fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa, ularning asosiy qismi bandlik, uy-joy, pensiya va nafaqa, sud, tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish, tibbiyot sohalariga oid. Aholi tomonidan bildirilgan muammolarning ko‘pchiligi shu yerning o‘zida yechimini topmoqda, qolganlari nazoratga olinmoqda.
Murojaat qiluvchilar uchun Xalq qabulxonalarida barcha qulaylik yaratilgan. Zamonaviy jihozlangan ona va bola, tibbiyot xonalari, kutish zallari fuqarolar ixtiyorida.
– Men “Vatanparvar” tashkilotiga o‘qishga kirishga amaliy yordam berishlarini so‘rab murojaat qilgan edim, – deydi Kasbi tumani Fazli qishlog‘ida yashovchi fuqaro Begzod Saidov. – Murojaatim qanoatlantirilib, Qarshi shahar “Vatanparvar” tashkilotiga oshpazlik yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindim. Orzuim ushaldi. Qiziqqan soham bo‘yicha ta’lim olayotganimdan xursandman, uyimdagilar ham mamnun.
Ha, bugun xalq bilan doimiy muloqot qilish, ularning murojaat va shikoyatlarini tinglash, kamchiliklarni shu yerning o‘zida bartaraf etish yaxshi samara bermoqda. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari aholi uchun juda katta qulaylik tug‘dirmoqda.
– Ko‘pdan buyon uy-joy masalasida qiynalayotgan edik, – deydi Koson tumani Nartibaland mahallasida yashovchi fuqaro Sanobar Sanaqulova. – Shu bois yer uchastkasi ajratilishini so‘rab murojaat qildik. So‘rovimiz qisqa muddatda qondirilib, 4 sotix yer maydoniga ega bo‘ldik.