Sayyor qabulda aniq chora-tadbirlar belgilandi

2017-03-28

Samarqand viloyati hokimi H.Oqbo‘tayevning navbatdagi sayyor qabuli Paxtachi tumanida o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mahalla oqsoqollari, tadbirkor va fermerlar, jismoniy shaxslar toza ichimlik suvi ta’minoti, yo‘llarni ta’mirlash, kommunal xizmat ko‘rsatishdagi muammolar, bo‘sh turgan binolardan maqsadli foydalanish, olis qishloqlar aholisiga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish kabi masalalar yuzasidan murojaat qildi.

Bog‘oloni mahallasida yashovchi Yo.Boynazarov sizot suvlar ko‘tarilgani oqibatida aholi tomorqada ekin yetishtirishga qiynalayotganini bildirib, zovurlarni qazishda yordam so‘radi. Qiltamg‘ali mahallasi vakillari toza ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganini aytdi. Keshtali mahallasidagi maktabgacha ta’lim muassasasi binosini ta’mirlab, bolalar uchun qulay sharoit yaratish hudud aholisini o‘ylantirayotgani aytildi.

– Katta o‘zbek traktidan tumanimiz markaziga kiradigan asosiy yo‘l ancha ta’mirtalab bo‘lib qolgan, – deydi Amir Temur nomidagi mahallada istiqomat qiluvchi X.Raimqulov. – Ayniqsa, shu kunlarda yog‘in-sochin ko‘paygan paytda bu yo‘ldan yurish yanada og‘ir. Ushbu masala yuzasidan murojaat qilgan edim, viloyat hokimi yo‘lni ta’mirlash joriy yilgi dasturga kiritilganini aytdi. Yo‘l atrofida ham obodonlashtirish ishlari olib borilar ekan.

Sayyor qabul chog‘ida tumandagi muammolar, kamchiliklar xususida 30 dan ortiq murojaat tinglanib, ularning yechimi bo‘yicha aniq muddatli chora-tadbirlar belgilandi, mutasaddilar zimmasiga vazifalar yuklandi.