Chustda sayyor qabul

2017-03-28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingan joriy yilda davlat boshqaruvi va jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar vakillari joylarda sayyor qabullar o‘tkazib, aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudayberganov Namangan viloyati shahar va tumanlarida o‘tkazayotgan sayyor qabullar davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va samarali usullarini joriy etish yo‘lidagi amaliy ishlaridan biri sifatida keng jamoatchilik e’tiborini tortmoqda.

Chust tumanida tashkil etilgan sayyor qabulda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, viloyat boshqarmalari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, Kosonsoy, Pop, Chust tumanlari hokimlari va ushbu tumanlar ijtimoiy-iqtisodiy, huquq-tartibot idoralari mutasaddilari, tadbirkorlar, faxriylar, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilidan ko‘zda tutilgan maqsad va vazifalarni ro‘yobga chiqarishda barcha, avvalo, rahbarlarning, har bir fuqaroning burchi va mas’uliyati haqida so‘z yuritildi.

– Prezidentimizning demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, jamiyatimizni yanada rivojlantirish, hayotimizni bundan-da farovon etish yo‘lidagi sa’y-harakatlari samaradorligi xalqimizning hamjihatligiga, har kim o‘z vazifasini sidqidildan, vijdonan bajarishiga bog‘liq, – deydi T.Xudayberganov. – Bu borada dastlabki besh yildagi istiqbolli vazifalarni qamrab olgan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilindi. Ushbu muhim hujjat ijrosi mamlakatimiz, jamiyatimizning taraqqiyotida, aholi farovonligini yanada yuksaltirishda dasturilamaldir.

Sayyor qabulda Chust, Kosonsoy, Pop tumanlaridagi fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari, keksalar, xotin-qizlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga, davlatimiz rahbarining joylardagi Xalq qabulxonalariga tushgan yozma va og‘zaki murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga yechim izlandi.

– Mening qaramog‘imda bo‘lgan nabiram universitetning jismoniy tarbiya fakultetida to‘lov-shartnoma asosida o‘qiydi, – deydi kosonsoylik mehnat faxriysi Ne’matjon Rahmatullayev. – To‘lov borasida biroz qiynalib, xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edim. Bugun ushbu qabulda tuman rahbariyati tomonidan nabiram nomiga bankda hisobraqami ochilib, homiylik yordami berish chorasi ko‘rilgani aytildi. Bunday ezgu ishlarning tashabbuskori bo‘lgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Sayyor qabulda fuqarolarning uy-joy, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer maydoni, kredit ajratish, kommunal va ijtimoiy xizmatlarga taalluqli turli mazmundagi murojaatlari ko‘rib chiqildi, ularni bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimlari va tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Namangan viloyatida sayyor qabullar davom etmoqda.