Vazifalar belgilab olindi

2017-03-18

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining hududiy partiya tashkilotlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi deputatlik guruhlari, partiya faollari ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda uni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi, partiyaning joriy yilga mo‘ljallangan kompleks harakat dasturida belgilab berilgan ustuvor vazifalarning joylardagi ijrosi muhokama qilindi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hayotga tatbiq etilayotgan izchil islohotlar, amaliy sa’y-harakatlar yangi taraqqiyot marralarini egallash, zamon shiddatiga mos tarzda rivojlanish, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidladi.

Harakatlar strategiyasidagi beshta ustuvor yo‘nalishdan uchinchisi – iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish bevosita partiya dasturiy maqsad va vazifalari bilan hamohangligi qayd etildi. Mazkur chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha partiya tomonidan aholi tomorqalaridan unumli foydalanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy targ‘ibot-tushuntirish ishlari, kichik biznesni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, turli sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har oyda barcha tuman, shahar partiya tashkilotlari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari va ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etib borish, aniqlangan muammolarni mutasaddi tashkilot va idoralar ko‘magida hal etish vazifasi belgilab olingan.

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida tashkil etilgan ochiq muloqotlar samarasida ko‘plab tadbirkor va fermerlar faoliyati bilan bog‘liq muammolar joyida hal etildi.

Yig‘ilishda partiyaning deputatlik guruhlari tomonidan olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan tanqidiy fikrlar, ularni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.