Harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan yoshlar bilan muloqot o‘tkazildi
2017-03-18
Toshkent harbiy okrugi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda muddatli harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida ochiq muloqot tashkil etdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari hududiy shtabi, Toshkent shahar ichki ishlar, mehnat bosh boshqarmalari, turli korxona-tashkilot va muassasalarning kadrlar bo‘limi boshliqlari, muddatli xizmatdan qaytgan yoshlar, ota-onalar ishtirok etdi.
Tadbirda Qurolli Kuchlar safida harbiy bilim va malaka egallagan, mardlik va matonat maktabini o‘tagan yigitlar bandligini ta’minlashga davlat miqyosida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Yoshlarga ishga kirish, shartnoma asosida harbiy xizmatni davom ettirish, harbiy oliy ta’lim va oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tushunchalar berildi. Mamlakatimizda xususiy biznes vakillariga, xususan, yosh tadbirkorlarning o‘z ishlarini boshlashi uchun yaratilgan qulay sharoit va imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
– Mamlakatimizda barcha yoshlarga ertamiz tayanchi, kelajagimiz egalari sifatida qaraladi, – deydi Humoyun Yunusov. – Buni biz uchun tashkil etilgan ushbu tadbir misolida, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi vakillari tomonidan uyushtirilayotgan turli uchrashuv va anjumanlarda, bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarida ko‘rib turibmiz. Buxoro shahrida harbiy xizmatni o‘tab qaytdim. O‘qishga imtiyoz asosida qabul qilinish imkonini beradigan harbiy qism tavsiyanomasiga egaman. Talaba bo‘lish niyatidaman.
Ochiq muloqotda muddatli harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob oldi.