Xalq qabulxonasi: amaliyot va tajriba
2017-03-18
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasida harbiylar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Xalq qabulxonalari aholi bilan bevosita muloqot qilishni yo‘lga qo‘yish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni sifat jihatidan tubdan yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoyalashga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasida bu yerga keluvchilar uchun barcha qulaylik yaratilgan. Fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda. Huquqiy adabiyotlar, zarur ma’lumotlar bilan ta’minlangan.
Ana shu imkoniyatlar bilan tanishish va tajriba almashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va uning tarkibidagi harbiy okruglar, o‘quv muassasalari rahbarlari Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi rahbari H.Xalimov ishtirokchilarni xalq bilan muloqotni tizimli yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni qabul qilish, murojaatlarni rasmiylashtirish tartiblari, ular hal etilishini nazorat qilish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.
Xalq qabulxonasi o‘z faoliyatini boshlagandan buyon o‘tgan qisqa vaqtda 1 ming 500 dan ziyod fuqaro murojaat qilgan. Murojaatlar qonunga muvofiq belgilangan muddatlarda, sifatli va xolisona ko‘rib chiqilmoqda.
– Yaqin kunlarda vazirlik va uning tasarrufidagi harbiy okruglarda Xalq qabulxonalarini tashkil etish rejalashtirilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi vakili, polkovnik Sh.Yusupov. – Biz bu yerda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini, bu borada to‘plangan tajribalarni o‘rgandik.
Xalq qabulxonalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.