Sirg‘ali tumani Asrobod mahallasida aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

2017-03-17

Poytaxtimizning Sirg‘ali tumanidagi “Asrobod” mahalla fuqarolar yig‘inida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan aholi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi tomonidan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” harakatini rivojlantirish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Birinchi Prezidentimizning 2014-yil 1-avgustdagi "2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir.

Fondning ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari mahallalar va qishloqlarda bo‘lib, aholi, ayniqsa, qizlar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, sog‘lom turmush tarzi va uni to‘g‘ri shakllantirishga doir maslahatlar berib bormoqda. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mahallalarda tashkil etilgan ana shunday tadbirlarda 38 ming yetti yuzdan ziyod aholi tibbiy ko‘rikka jalb etildi. Ikki ming uch yuzga yaqin oilaning ijtimoiy sharoiti, undagi psixologik muhit va bolalar sog‘lig‘i o‘rganildi.

Asrobod mahallasidagi navbatdagi xayriya tadbiri jarayonida keksa otaxon va onaxonlar, urush va mehnat faxriylari, xotin-qizlar va bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Aholiga bepul vitaminlar, dori-darmon va gigiyena vositalari tarqatildi. Shuningdek, hududdagi umumta’lim maktablari, litsey va kollej o‘quvchilari orasida sog‘lom turmush tarzi va reproduktiv salomatlikni to‘g‘ri shakllantirishga doir tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi.

– Bugungi tibbiy ko‘rikda malakali shifokorlar sog‘lig‘imizni tekshirib ko‘rish bilan birga foydali maslahatlar berdi, – deydi mahalla nuroniylaridan biri Malohat Sobirjonova. – Bizni, farzandlarimiz va nabiralarimizning salomatligini o‘ylab qilinayotgan bunday ezgu ishlardan juda mamnunmiz.