Tasvirlarda islohotlar ifodasi
2017-03-15
Toshkent viloyatida “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi tomonidan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosiga doir ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda 65 tuman va shahardagi bo‘limlari boshqaruvi raislari, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot hamda Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazlari vakillari qatnashgan seminar ishtirokchilari hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, diqqatga sazovor joylar, “Maksam-Chirchiq” aksiyadorlik jamiyati faoliyati, ijodiy uyushmaning Toshkent viloyati bo‘limi tomonidan qilinayotgan ishlar bilan tanishdi.
“Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov va boshqalar mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli hayotimiz tubdan o‘zgarib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratishda yuksak samaralarga erishilayotganini ta’kidladi. Bu o‘zgarish va yangiliklarning mohiyatini ta’sirchan, jozibador tasvirlar vositasida ommaga yetkazish, shu orqali yurtdoshlarimiz qalbida milliy g‘urur, Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yuksaltirish, keng ko‘lamli islohotlarda yanada faol ishtirok etishga chorlashda ijodiy uyushmaning ham o‘z o‘rni bor.
Seminarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish, Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi oldida turgan ishlarni yanada samarali tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
– Turli axborot xurujlari avj olib borayotgan bugungi globallashuv davrida farzandlarimizga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar berayotgan yuksak samaralar, yurtimizning boy va qadimiy tarixi, dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimiz haqida hikoya qiluvchi yorqin, zamonaviy dizayn talablariga javob beradigan tasviriy vositalarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi ijodiy uyushmaning Namangan viloyati bo‘limi raisi D.Mamajonov. – Seminar doirasida bu borada Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdik. Joylardagi bo‘limlarda yuqori baholangan ish tajribalari bilan o‘rtoqlashdik.
Mamlakatimizda har bir yilga alohida nom berilishi munosabati bilan “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi tomonidan maxsus qo‘llanma tayyorlash an’anasi bor. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etgan “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” deb nomlangan tavsiyalar jamlanmasi ham chop etildi. Seminarda bu haqida alohida ma’lumot berilib, mazkur jamlanma materiallaridan jamoat joylari, ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan manzillar, ta’lim muassasalari va boshqa joylarda targ‘ibot vositasi sifatida keng foydalanish uchun tavsiya etildi.
Tadbirda o‘tgan yili uyushma tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob etilib, tanqidiy tahlil qilindi. Bildirilgan fikr-mulohazalar asosida tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Seminarda Toshkent viloyati hokimi Sh.Boboyev so‘zga chiqdi.