Xalq bilan muloqot ko‘lami yanada kengayadi

2017-03-01

Andijonda “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi hamda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining ishtiroki” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, mahalliy Kengashlar deputatlari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

– Faoliyatimizni bugungi kun talabi darajasida tubdan isloh qilish, ish samaradorligini oshirish, mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga olib chiqishda oldimizda turgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, fuqarolar murojaatlariga mas’uliyat bilan yondashish barcha bo‘g‘indagi partiya tashkilotlari, partiya faollari va deputatlar faoliyatining asosiga aylanishi kerak, – deydi partiya viloyat kengashi raisi P.Asxanov.

Tadbirda rivojlanishning mutlaqo o‘ziga xos yondashuv va tamoyillari asosida ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining maqsadi, mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushuncha berilib, mazkur hujjat mamlakatimizni yanada modernizatsiya qilish va jamiyatimizni liberallashtirish, pirovardida xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Partiya faoliyatida xalq bilan muloqot, inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash, fuqarolarning muammolarini o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish, deputatlik guruhlari faolligini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida deputatlik guruhlari a’zolari tomonidan qonun va qarorlar ijrosi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga 15 dan ortiq deputatlik so‘rovlari yuborilgan.

Tadbirda mavzu doirasidagi ishlarni yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish yuzasidan fikr almashildi.