Tadbirkor va hunarmandlar bilan ochiq muloqot

2017-03-07

Farg‘ona viloyati Rishton tumanida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi tomonidan hunarmand va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida kechayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, xususan, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi joylarda mavjud kamchilik va muammolar yechimini topish, jamiyatimizda insonparvarlik va adolat tamoyillari ustuvorligini ta’minlash, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan hayotiy masalalar, ularni amalga oshirish mexanizmlari mamlakatimizda islohotlar samaradorligini yanada oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama jadal rivojlantirish uchun sharoit yaratish, barcha sohalarni modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.

Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilishda faollik ko‘rsatish, aholi bilan muloqotlar o‘tkazish, mavjud muammolarni chuqur o‘rganishga bag‘ishlangan tadbirda hunarmandlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarida uchrayotgan ayrim muammolar va ularning yechimi haqida fikr almashildi.

– Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishida mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va liberallashtirish borasida aniq taklif va istiqbolli rejalar belgilab berilgan, – deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Farg‘ona viloyati kengashi raisi Umidjon Jabborov. – Bunda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Milliy hunarmandlik maktablari an’analarini saqlab qolish, tiklash, aholining elektorat qismi bandligi, birinchi navbatda, xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida hunarmandlik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilikni rivojlantirish orqali ularni ish bilan ta’minlashni kengaytirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaxshilash partiya saylovoldi platformasida ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Ochiq muloqotda tadbirkorlar va hunarmandlar taklif va tavsiyalari o‘rganilib, partiyaning hamkorlar ishtirokidagi tegishli vazifalari belgilab olindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar mutaxassislaridan javob oldi.