Voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz voyaga yetgan shaxslarning moddiy ta’minot olish huquqlarini ro‘yobga chiqarish – faoliyatning muhim sohasi

2017-03-02

2017-yil 28- fevral kuni Qashqadaryo viloyati hokimligida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Qashqadaryo viloyatida xalq bilan muloqot va voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz voyaga yetgan shaxslarning moddiy-ta’minot olish huquqlarini ro‘yobga chiqarish holatini o‘rganish natijalari muhokama etildi.

Majlisda Senat a’zolari, Qashqadaryo viloyati xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, hokimiyatlar qoshidagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar raislari, “Mahalla” fondi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari, fuqarolar yig‘inlari faollari, shuningdek boshqa fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisda kam ta’minlangan va voyaga yetmagan farzandlari bo‘lgan muhtoj oilalarni, ishlamaydigan onalarni, shu jumladan voyaga yetmagan va mehnatga layotqasiz voyaga yetgan shaxslarni samarali ijtimoiy himoya qilish davlat va jamiyatning ustuvor vazifalaridan biri ekanligi senatorlar tomonidan qayd etildi. Bunday himoya kafolatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalarida, Oila kodeksida, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunda va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 9-fevralda qabul qilingan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2013-yil 15-fevralda qabul qilingan “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi, 2016-yil 12-avgustda qabul qilingan “Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz voyaga yetgan shaxslarni moddiy-ta’minlashni takomillashtirishga qaratilgan.

Ushbu normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish maqsadida Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz voyaga yetgan shaxslarning moddiy ta’minot olish huquqlarini ro‘yobga chiqarish masalalari yuzasidan 149 ta qaror, 42 ta farmoyish va 15 ta dastur qabul qilindi hamda ijro etildi. Bugungi kunda viloyatda 3,089 mln. aholi istiqomat qiladi. Shundan 1,087 mln. (37 foiz) kishi voyaga yetmagan bolalardir. Aholi orasida voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz shaxslar soni 1 456 nafarni tashkil etadi. Viloyatning imkoniyati cheklangan bolalar uchun mo‘ljallangan 4 ta ixtisoslashgan davlat ta’lim muassasasida 1 052 nafar ko‘zi ojiz, qulog‘i yaxshi eshitmaydigan bola va nogiron o‘qitiladi. Yetim bolalar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun homiylar hisobidan Qarshi shahrida 30 o‘ringa mo‘ljallangan yotoqxona barpo etildi.

Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevralda qabul qilingan “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 44-sonli qaroriga muvofiq viloyatning barcha – 660 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiyalar tuzilganligi qayd etildi. Ushbu komissiyalar 2 yoshgacha farzandlari bo‘lgan kam ta’minlangan oilalarga, 14 yoshgacha voyaga yetgan farzandlari bo‘lgan muhtoj oilalarga hamda mehnatga layoqatsiz voyaga yetgan shaxslarga nafaqalar tayinlaydi va moddiy yordam ko‘rsatadi. Jumladan, ushbu maqsadlarga 2016-yilda 155 mlrd. 970 mln. so‘m sarflandi.

Bugungi kunda viloyatda sud qaroriga asosan nikohi bekor bo‘lgan 1838 ta oila yashaydi. Moddiy qullab-quvvatlash zarur bo‘lgan, shu jumlandan aliment to‘lash orqali qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lgan bolalar soni 18 168 nafarni tashkil etadi. Sud departamentining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tuman (shahar) bo‘limlarida 17 726 ta ijro ishi mavjud bo‘lib, ularning 2827 tasi bo‘yicha ota-onalar o‘z vaqtida aliment to‘lamasligi tufayli bolalar qiyin moddiy ahvolga tushib qolmoqda.

Oilalarning moddiy va ma’naviy holatini, aholi bandligini o‘rganish, aholining ijtimoiy muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasida davlat hokimiyati organlari va nodavlat tashkilotlarning hamkorlikda olib borgan ishlarini alohida qayd etish lozim. Ushbu maqsadlarda 2016-yilda 714 395 ta oila, shuningdek 160 058 ta yosh oila o‘rganib chiqildi. Aholi bilan muloqot jarayonida oilaviy va boshqa muammolarga ega bo‘lgan 30 146 ta oila aniqlanib, ularning muammolari komissiyalar va fuqarolar yig‘inlari Kengashlari majlislarida muhokama etildi. Buning natijasida 325 ta oilaviy mojaro, 203 ta erta nikoh qurish holatining oldi olindi, 15 784 ta oilaga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Viloyat, tuman, shahar hokimliklari qoshidagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar tomonidan 2016-yilda 223 ta majlis o‘tkazilib, ularda voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha 112 ta masala ko‘rib chiqildi. Tuman va aholi punktlarida 29 ta tekshirish o‘tkazildi. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazilishini uyushtirish maqsadida 5 597 ta turli tarbiyaviy tadbir o‘tkazildi.

Voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz voyaga yetgan shaxslarning moddiy ta’minot olish huquqlarini ro‘yobga chiqarish borasida Qashqadaryo viloyati davlat hokimiyati organlari va nodavlat tashkilotlar tomonidan 2016-yilda o‘tkazilgan hamkorlikdagi ishlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida qariyb 2 000 ta material chop etildi.

Shu bilan birga, muhokama davomida senatorlar tomonidan Qashqadaryo viloyatida voyaga yetmagan hamda mehnatga layoqatsiz voyaga yetgan shaxslarning moddiy ta’minot olish huquqlarini amalga oshirish borasida ayrim kamchilik va xatolar mavjudligi qayd etildi. Masalan, viloyat moliya va nazorat-taftish boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ijtimoiy ko‘maklashish komissiyalarining aksariyati “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Nizom normalariga amal qilmayotganligidan darak bermoqda. Bu esa ular tomonidan ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam belgilash hamda to‘lashda moliyaviy xato va suiiste’mollarga, shuningdek budjet mablag‘larining maqsadsiz ishlatilishiga olib kelmoqda. Ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam olgan oilalarda vaziyatning yaxshi tomonga o‘zgarganligi monitoringi olib borilmayapti. Xalq deputatlarining viloyat, tuman, shahar Kengashlarining doimiy komissiyalari deputatlik nazoratini amalda olib bormayapti. Mazkur komissiyalar 2016-yilda ushbu masalalarni o‘z majlislarida biron marta ham muhokama qilmagan. Viloyat moliya organlari tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga moddiy mablag‘lar ajratilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘z vaqtida taqdim etilmayapti, bu esa kam ta’minlangan va farzandlari bo‘lgan muxtoj oilalarga nafaqalar va moddiy yordam ajratish kechiktirilishigiga sabab bo‘lmoqda.

Muhokama yakuniga ko‘ra ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalarni hisobga olgan holda, qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etishga hamda ushbu sohadagi normativ-huquqiy xo‘jjatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.